Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistondan urushga 1 million 951 mingga yaqin kishi safarbar etilgan. Bu har uchinchi oʻzbekistonlik qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi kurashganini anglatadi.
Materialda Ikkinchi jahon urushi yillarida xotin-qizlar ham jangovar harakatlarda bevosita faol ishtirok etgani taʼkidlanadi. Urushda Oʻzbekistondan 4 ming 555 nafar xotin-qizlar qatnashdi. Ular orasida aloqachilar, uchuvchilar, snayperlar, zenitchilar, tibbiyot xodimlari va razvedkachilar bor edi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“Oʻzbekiston jang maydonlarini katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak va oziq-ovqat yetkazib beruvchi muhim baza markazlaridan biriga aylandi, – deyiladi maqolada. – Bundan tashqari, yigʻilgan mablagʻ hisobidan Oʻzbekistonda oʻnlab harbiy samolyotlar, tanklar, jangovar texnikalar ishlab chiqarildi. 1941-1945-yillarda mamlakat sobiq ittifoq miqyosida ulkan gospitalga aylandi, bu yerda minglab askarlar davolanib, xizmatga qaytdi”.
Muallif taʼkidlaganidek, Toshkentda “Gʻalaba bogʻi” tashkil etilgan boʻlib, undan koʻzlangan maqsad yoshlarni ajdodlar xotirasini eʼzozlash, el-yurtni sevish, oʻz Vatani zaminining har bir qarichini qadrlashga, koʻp asrlik milliy anʼanalarimizni hurmat qilishga, mehribonlik va olijanoblik ruhida tarbiyalashdan iborat.
“Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Ikkinchi jahon urushining har bir ishtirokchisiga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratib kelinyapti. Ularning har biri moddiy, maʼnaviy va boshqa turdagi yordam bilan taʼminlanadi”, – deb yozgan “Diplomat”.