Buyuk Britaniya avtomobil yoʻllarida haydovchisiz transport vositalaridan foydalanishga ruxsat berilishi toʻgʻrisida maʼlum qilgan birinchi mamlakat boʻldi. Maxsus texnologiya tezlikni boshqaradi, kamera va datchiklar yordamida avtomobilni boshqa mashinalardan xavfsiz masofada saqlaydi.

Agar toʻqnashuv xavfi aniqlansa, transport vositasi tormozlanishi yoki yoʻnalishini oʻzgartirishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, haydovchiga transport vositasini boshqarish shart emas, lekin agar kerak boʻlsa, u bunga tayyor boʻlishi kerak.

Bunday avtoulovlarning maksimal tezligi — soatiga 60 kilometr. Mamlakat rasmiylarining taʼkidlashicha, baxtsiz hodisalarning 85 foizdan koʻprogʻiga inson omili sabab boʻladi, shuning uchun ushbu texnologiya yoʻllarni xavfsizroq qilishi mumkin.

“Bu Buyuk Britaniyada haydovchisiz boshqariladigan transport vositalaridan xavfsiz foydalanish yoʻlidagi muhim qadamdir va kelajakda harakatni yana-da barqaror, oson va ishonchli qiladi”, dedi Buyuk Britaniya transport vaziri Reychel Maklin.

Qayd etilishicha, bunday haydovchisiz tizim faqat avtomobil yoʻllarida foydalanishga moʻljallangan boʻlib, u yerda transport bir yoʻnalishda harakatlanadi va avtomobil yoʻlida piyodalar hamda velosipedchilar boʻlmaydi. Muayyan sharoitlarda haydovchi 10 soniya ichida haydovchisiz rejimni oʻchirib qoʻyishi va boshqaruvni oʻz qoʻliga olishi kerak.

Haydovchisiz boshqariladigan transport vositalariga kiritiladigan sarmoyalar 42 milliard funt sterlingni tashkil qilishi mumkin, 2035-yilgacha bu sohada 38 ming britaniyalik ishlaydi.