NordPass parolni boshqarish kompaniyasi kiberxavfsizlik bo'yicha mustaqil tadqiqotchilar bilan hamkorlikda 2021 - yilda tez-tez ishlatilgan 200 ta parol ro'yxatini tuzdi. Buning uchun 50 mamlakatdan 4 terabaytlik ma'lumotlar bazasi o'rganildi.
Bu yil eng ommabop parol eslab qolish oson bo'lgan “123456” raqamlar kombinatsiyasi bo'ldi. Undan 103 million martadan ortiq foydalanilgan. Ikkinchi o'rinni xuddi shuning uzunroq versiyasi bo'lgan “123456789” egalladi. U 46 million marta qo'llanilgan. Uchinchi o'rinni 32 milliondan ortiq kishi ishlatgan “12345” paroli egalladi.
Birinchi o'nlikka quyidagi parollar ham kiritilgan:
“qwerty”, “password”, “12345678”, “111111”, “123123”, “1234567890”, “1234567”.
“Afsuski, parollar zaiflashmoqda va odamlar hali ham parol gigienasiga rioya qilmayapti”, dedi NordPass bosh direktori Yonas Karklis.
Qizig'i, bu parollarni buzish uchun xakerga atigi bir soniya vaqt kerak bo'ladi. Biroq, mashhurlik bo'yicha 54-o'rinni egallagan “myspace1” parolini buzish xakerning maksimal uch soat vaqtini oladi.
“Parollar raqamli hayotimizga kirish eshigi ekanligini tushunish va biz internetda ko'proq vaqt o'tkazayotganimiz sari kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilish nihoyatda muhim bo'lib bormoqda”, dedi Karklis.
Kompaniya ma'lumotlariga ko'ra, ko'plab foydalanuvchilar o'z nomini parol sifatida ham ishlatishadi. Ferrari va Porche esa parol sifatida ishlatiladigan eng mashhur avtomobil brendlari ekan.
2021 - yilda “dolphin” (“del`fin”) hayvonlar bilan bog'liq parollar orasida eng ommabopi bo'ldi. Britaniyaning One Direction bolalar guruhining nomi musiqachilar orasida eng ko'p qo'llanilgan parolga aylandi. TengriMIX xabariga ko'ra, futbol bilan bog'liq eng mashhur parol “Liverpul” futbol klubining nomi ekanligi aniqlandi.