Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni joriy etish, alohida suv xoʻjaligi obyektlarini fermer, klaster va boshqa tashkilotlarga foydalanish uchun berish hamda tejalgan mablagʻlarni suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish, xodimlar mehnatiga haq toʻlash hamda ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish boʻyicha vazifalar belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida 2020-yilda 8 ta, 2021-yilda 100 ta loyiha yuzasidan xususiy sheriklar bilan bitimlar imzolandi. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 1 trln. 333 mlrd.soʻmni tashkil etib, dastlabki yillarda xususiy sheriklar tomonidan 146,3 mlrd.soʻm investitsiya mablagʻlari kiritish va buning natijasida 144,5 mlrd.soʻm byudjet mablagʻlarini iqtisod qilish koʻzda tutilgan.
Misol uchun, Samarqand viloyati Narpay tumanida joylashgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlari hamda 8 ta nasos stansiyalarini “Maroqand sifat” MCHJ klaster tashkiloti boshqaruviga berish boʻyicha loyihaning umumiy qiymati 463 mlrd.soʻm boʻlib, xususiy sherik tomonidan dastlabki yillarda nasos stansiyalarining 8 dona agregati toʻliq taʼmirlandi, Oqtosh-1 nasos stansiyasi binosining tom qismi yangilandi va Qozoq-Ariq kanalining 16 km uzunlikdagi qismi mexanizm yordamida tozalandi. Bundan tashqari, Xitoy davlatidan 500 ming AQSH dollari evaziga yangi (SFWP 105-700 markali) nasos agregatlari olib kelinmoqda.
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida joylashgan “Sholikor” va “Shoʻruzak” nasos stansiyalari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida “Guliston Agro Group klaster” MCHJ boshqaruviga berilgan edi. Loyihaning umumiy qiymati 46,4 mlrd.soʻm boʻlib, xususiy sherik tomonidan bugungi kunga qadar 5 mlrd.soʻm investitsiya mablagʻlari kiritilib, rekonstruksiya, modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan 52 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan investitsiya kiritilishi va buning natijasida byudjet mablagʻlarining iqtisod qilinishi koʻzda tutilgan.