Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan anjuman 2022-yilda suv resurslaridan samarali foydalanish hamda Prezidentimizning joriy yil 1-mart kuni qabul qilingan suv xoʻjaligi sohasiga doir qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlandi.
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida bu yil suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 mlrd. m3 suvni tejash koʻzda tutilgan. Bunda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va yerlarni lazer tekislash evaziga 3 mlrd. m3, irrigatsiya tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash tadbirlari hisobidan 3,1 mlrd. m3, AKT va raqamli texnologiyalarni joriy etish, suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini koʻpaytirish va qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish natijasida 0,9 mlrd. m3 suvni tejash koʻzda tutilgan. Va albatta, gʻalladan boʻshagan maydonlarda takroriy ekinlarni sugʻorish uchun ham suv yetkazib berilishi taʼminlanadi.
Oldingi yillarda boshlangan va oʻz samarasini bergan tizim – suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha saʼy-harakatlar izchil davom ettiriladi. Prezidentimizning 2022-yil 1-martda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu borada yangi tartiblar belgilandi.
Qarorga binoan, joriy yilda suv tejaydigan texnologiyalarni yirik suv uzatish va suv chiqarish tarmoqlarining bosh qismida, “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida 230 ming gektarda, shu jumladan, 160 ming gektar maydonda – tomchilatib sugʻorish, 28 ming gektar maydonda – yomgʻirlatib, 2 ming gektarda diskretli sugʻorish hamda 218 ming gektar ekin maydonlarini lazerli uskuna yordamida tekislash boʻyicha manzilli roʻyxatlar shakllantirildi. Hozirda jami 2 140 ta qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarining 68,2 ming gektar maydonida, jumladan, 1 697 ta talabgorning 58,0 ming gektar maydonida tomchilatib sugʻorish, 443 ta talabgorning 10,2 ming gektar maydonida yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Respublikada suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish sanoati kengayib, ularning soni 45 taga yetkazildi. Bu esa, butlovchi qismlarning tannarxini xorijdan tashish xarajatlarini tejash hisobiga 15–20 foizgacha pasaytirish yoki gektariga 5–7 mln. soʻmga arzonlashtirish imkonini bermoqda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun axborot almashinuvining shaffof mexanizmini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Tomchi-reyestr” yagona elektron reyestri ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Bugungi kunda 190 dan ortiq korxona ushbu platformaga tegishli hujjatlarni onlayn shaklda kiritgan.
Shuningdek, subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi joriy etilib, amaliyotga tatbiq etildi. 2022-yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar ushbu tizim orqali ajratiladi. Prezidentimizning joriy yil 1-mart kuni qabul qilingan “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohaga doir eng dolzarb masalalar yechimini topgan muhim hujjat boʻldi.
Qaror bilan suv resurslarini quyi boʻgʻingacha Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan yetkazib berilishi belgilab berildi. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda tuman irrigatsiya boʻlimlari tarkibida, tuman irrigatsiya boʻlimlari mavjud boʻlmagan tumanlarda irrigatsiya tizimi boshqarmasi tarkibida jami 160 ta yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan xoʻjalik hisobida faoliyat yurituvchi suv xoʻjaligining maxsus xizmati tashkil etildi. Ayni paytda maxsus xizmat bilan suv isteʼmolchisi oʻrtasida suv yetkazib berish va koʻrsatilgan boshqa xizmatlar uchun toʻlanadigan mablagʻlari koʻrsatilgan holda shartnoma tuzish ishlari yakunlanib, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 15-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish boʻyicha bir hafta muddatda alohida dastur qabul qilinishini maʼlum qildi. Suv xoʻjaligi vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga 1-oktyabrga qadar 4,5 ming km sugʻorish tarmoqlarini tozalash va 231 km qismini betonlash, 3 mingta gidrotexnik inshootni taʼmirlash, 3,5 mingta nasos oʻrnatish, 490 km nasos quvurlarini taʼmirlash va 281 ta quduq qazishni taʼminlash topshirildi. Ushbu maqsadlar uchun 300 mlrd. soʻm mablagʻ bosqichma-bosqich ajratiladi.