Birlashgan Millatlar Tashkiloti unga a’zo mamlakatlarda elektron hukumat tadqiqotini o‘tkazib, har ikki yilda elektron hukumat rivojlanishi bo‘yicha mamlakatlar reytingini e’lon qilib boradi. Joriy yil 28-sentyabrda e’lon qilingan 2022-yilgi BMT Elektron hukumat rivojlanishi reytingi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 2020-yilgi reytingga nisbatan 18 pog‘onaga yuqorilab, 193 ta davlat ichida 69-o‘rinni egalladi.
Ushbu seminar aynan BMTning Elektron hukumat tadqiqotini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan BMT Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar departamenti (UN DESA) bilan hamkorlikda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda Koreya, Estoniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Ozarbayjon va Gruziya davlatlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlardan jami 40 ga yaqin xorijiy ishtirokchilar qatnashdi.
AKT haftaligi tadbirlarida ishtirok etish uchun Samarqandga seminarning asosiy spikeri – BMT Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar departamenti Elektron hukumat bo‘limi rahbari Vinchenso Akuaro ham tashrif buyurdi.