2022 yilning 6 oyida onlayn-auksionlar orqali 174 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotilgan

    Transport 30 Iyul 2022 1308

    2022 yil 6-oylik yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 174 mlrd so‘mlik 77 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi.

    Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 10% ga, hajmi boʻyicha – 27% ga oʻsdi, deya xabar beradi “OʻzRTXB” AJ PR boʻlimi.

    Oʻtgan davrda tuzilgan bitta bitimning oʻrtacha qiymati 2,2 mln soʻmni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 93% jismoniy shaxslar, 7% - yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi – 545,4 ming soʻmni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 348,0 mln soʻmni tashkil qildi.

    Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 29% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22% – ikkinchi, 13% – uchinchi, 9% – toʻrtinchi, 12% – beshinchi va 15% – oltinchi toifa avtoraqamlarga toʻgʻri kelgan.

    Hududlar kesimida eng koʻp avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (45%), Samarqand (8%), Buxoro, Fargʻona va Qashqadaryo (6% dan) viloyatlarida xarid qilingan.

    Eslatib oʻtamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablagʻlarning 80% – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga, 20%– Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.