Qayd etildiki, Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyati organi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishni taʼminlashga koʻmaklashadi.
Kengash vazifalaridan kelib chiqqan holda professional sudyalar korpusini shakllantirish, tizimni malakali, halol va pok kadrlar bilan toʻldirish, kadrlar salohiyatini oshirish yoʻnalishida Kengash tomonidan 2021-yilda sudyalarni tayinlash, vakant lavozimlarni toʻldirish boʻyicha ochiq va oshkora oʻtkazilgan tanlovlar natijasida 460 nafar sudyalik lavozimiga tayinlandi.
2022-yilning 1-choragida 76 nafar sudya lavozimga tayinlandi. 2021-yilda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar faoliyati oʻrganilib, kamchilikka yoʻl qoʻygan 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, 19 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etildi. 2022-yilning birinchi choragida esa 22 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan boʻlsa, intizomiy javobgarlikka tortilganlar 80 nafarni tashkil etadi.
2021-yilda vakolat muddati tugagan 12 nafar sudya navbatdagi muddatga noloyiq deb topilgan boʻlsa, 2022-yilning birinchi choragida bu miqdor 4 nafarni tashkil etadi. Sudyalar oliy maktabida 2021-yilda 73 nafar sudyalikka nomzod kasbga tayyorlanib, shundan 62 nafari ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi.
Sudyalar daxlsizligini taʼminlash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashlarning oldini olish va kerakli choralar qoʻllash ham Sudyalar oliy kengashining ustuvor vazifasi hisoblanadi. 2021-yilda odil sudlovga aralashish bilan bogʻliq 4 ta holat boʻyicha xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, aniqlangan holatlar boʻyicha Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan Bosh prokurorga oʻz vaqtida taqdimnomalar kiritildi.
Natijada aybdor shaxslarga nisbatan 2 ta jinoyat ishi va 2 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi. 2022-yil birinchi choragida sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashish boʻyicha holat qayd etilmadi. Biroq sudyalar daxlsizligiga taʼsir oʻtkazishi ehtimoli yuz bergan holatlar boʻyicha kengash matbuot xizmati tomonidan 3-marta bayonot berilib, voqelikka munosabat bildirildi.