Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi va Byudjetnomada yalpi ichki mahsulotning oʻsish surati 5,3 foiz miqdorda boʻlishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 5,1 foiz, qurilish 6,0 foiz, qishloq xoʻjaligi 3,5 foiz, xizmatlar sohasi 6,7 foizga ortishi kutilmoqda.
2023-yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 1068,0 trillion soʻmni, Davlat byudjeti daromadlari 232,1 trillion soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,7 foiz darajasida boʻlishi kutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan 2023-yildan boshlab konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan mikdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi belgilanmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga ) 257,7 trillion soʻmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni yoki 2022-yil kutilayotgan ijroga nisbatan 18,9 trln. soʻmga ortishi prognoz qilinmoqda.
Qayd etilganidek, byudjet hisobdorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan vazirlik va idoralarning ular uchun ajratilgan byudjet mablagʻlaridan foydalanish yuzasidan davriy hisobotlarini eshitib borish tartibi joriy qilish nazarda tutilmoqda.