“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 2023-yilgi Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. Davlat dasturi loyihasida vazirlik va idoralar tomonidan joriy yilda amalga oshirilishi kerak boʻlgan vazifalar belgilanmoqda.

Xususan, bunda davlat dasturining birinchi yoʻnalishi “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.

Jumladan, 2023-yilgi Davlat dasturi loyihasida mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish, hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish kutilyapti.

Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yoʻnaltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish koʻzda tutilmoqda. Bunda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tashkil etish va tugatish asoslari va mezonlarini ularning vakolatlari hamda javobgarlik sohalarini aniqlashtirgan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Davlat dasturi loyihasining 5-maqsadli yoʻnalishida ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish davom ettiriladi. Misol uchun, davlat dasturi loyihasining 9 bandida vazirlik va idoralarning funksiya va vazifalarini qayta koʻrib chiqish belgilanmoqda. Bunda:

– vazirlik va idoralarning takrorlanadigan 168 ta vazifa va 301 ta funksiyalarini maqbullashtirish nuqtayi nazardan koʻrib chiqiladi;

– faoliyati samarasiz deb topilgan va davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan 40 dan ortiq idoralararo kollegial organlarni maqbullashtiriladi, zarurat boʻlganda ularning vazifalari tegishli idoralarga oʻtkaziladi;

Davlat dasturi loyihasining 10 bandida Davlat boshqaruvi tizimida adliya organlari tizimining huquqiy maqomini qonun hujjati bilan mustahkamlash nazarda tutilmoqda. Xususan, huquq ijodkorligi sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash hamda huquqiy targʻibotni amalga oshirish, shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash borasida adliya organlari faoliyatini mustahkamlashga qaratilgan “Adliya organlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqiladi.

Shu bilan birga, Davlat boshqaruvi tizimida maʼmuriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirishga qaratilgan davlat dasturi loyihasining 6-maqsadida Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarining ikkinchi bosqichi doirasida hududlardagi boshqaruv tizimini isloh qilishni davom ettirish koʻzda tutlmoqda. Bunda mahalliy davlat hokimiyati ijro organlarining faoliyatini chuqur tahlil qilgan holda ularning faoliyatini takomillashtirish va tashkiliy tuzilmasini maqbullashtirish, boʻysunuv tizimini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni tayyorlash belgilanmoqda.

Shuningdek, Davlat dasturi loyihasi bilan mamlakatimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish ham nazarda tutilmoqda. Bunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga hukumat aʼzolarining, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan parlament eshituvlarini oʻtkazish tashabbusi huquqini berish kabi qator muhim vazifalar koʻzda tutilmoqda.

Sevara Oʻrinboyeva