2024-yilda ekologik vaziyatni yaxshilash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

    Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi I-IV toifaga mansub 19 573 ta obyekt davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazildi. 688 ta korxonaning atrof-muhitni ifloslantiruvchi 3 276 ta manbaasida ekologik monitoring oʻtkazildi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugungi kunda dolzarb ekologik muammolarga eʼtibor qaratish, xususan, respublika hududidini yanada koʻkalamzorlashtirish, iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish, chiqindilar bilan ifloslanishni kamaytirish va boshqa masalalarga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2024-yilda ham bu borada qator ishlar amalga oshirildi.

    Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yilda jami 224 mln tup: bahorgi koʻchat ekish mavsumida 138 mln tup, kuzgi mavsumda esa 86 mln tup koʻchat ekildi. Shuningdek, yirik sanoat korxonalari hududlari va atrofida 5,3 mln tup daraxt koʻchatlarini ekish orqali “yashil belbogʻ”lar tashkil qilindi.

    Ochiq byudjet” tizimi orqali “Mening bogʻim” loyihasi ishga tushirilib, fuqarolar tomonidan tashabbus bildirilgan 215 ta loyiha gʻolib deb topildi va “Yashil bogʻ” hamda “Yashil jamoat parklari” barpo etish ishlari olib borilmoqda.

    Qolaversa, atmosfera, yer va suv resurslarini muhofaza qilish borasida 138 ta sanoat korxonasida samaradorlik darajasi yuqori boʻlgan chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatildi va mavjudlari modernizatsiya qilinishi natijada atmosfera havosiga 6,5 ming tonnadan ortiq zararli tashlamalar tashlanishining oldi olindi.

    Toshkent shahri va viloyat markazlarida har oyning toʻrtinchi chorshanba kunida “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi oʻtkazilib, tadbir doirasida jamoat transportidan foydalanishi orqali 800 mingga yaqin transport vositalaridan foydalanmaslik evaziga 2 320 tonna zararli tashlamalarning atmosferaga tashlanishining oldi olindi.

    Shu bilan birga, “Toza havo” oyligi tadbirlari davomida 407 mingta avtotransport vositasi ekologik nazoratdan oʻtkazildi. 93 ta korxonada lokal oqova suv tozalash inshootlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. 803 ta avtomobil yuvish shoxobchalari oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatishga oʻtkazilib, 1 161 ta shoxobchalar oqova suv tindirgichlar bilan jihozlandi.

    Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi I-IV toifaga mansub 19 573 ta obyekt davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazildi. 688 ta korxonaning atrof-muhitni ifloslantiruvchi 3 276 ta manbaasida ekologik monitoring oʻtkazildi.

    Foydali qazilmalarni qazib olish natijasida buzilgan 2 000 gektar yer maydonlari rekultivatsiya qilindi.

    Bundan tashqari, bioxilmaxillikni saqlash sohasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning roʻyxatdan oʻtmagan 61,2 ming gektar yerlari toʻliq davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. 97 ta oʻsimlik turi, 106 ta hayvon turi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi 46 ta obyektning geoaxborot maʼlumotlari Milliy geoaxborot tizimiga kiritildi.

    Sunʼiy yoʻldosh suratlari orqali 254,1 mln dona daraxtlarning koordinatalari aniqlanib, raqamli xaritasi yaratildi. 600 mingdan ortiq daraxtlarning pasporti shakllantirilib, toʻliq parametrlari boʻyicha maʼlumotlar elektron platformaga kiritildi.

    Eng muhim voqeliklardan biri, 2024-yilning 12-17-fevral kunlari BMTning Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasi 14-yigʻilishining (COP-14) Samarqandda oʻtkazilganidir. Shuningdek, Qizil kitobga kiritilgan hayvonot obyektlariga yetkazilgan zararni undirish summalari 10 baravarga, oʻsimliklarga — 5 baravarga, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarimalar 5 baravarga oshirildi.

    2024-yilda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan 44,5 ming nafar shaxslar aniqlandi. Qonunbuzarlarga 49 mlrd soʻm maʼmuriy jarima va 14 mlrd soʻm yetkazilgan zararlar hisoblandi. 94 mingdan ortiq korxona va fuqarolarga sohaga oid profilaktika tadbirlari oʻtkazildi.

    Ekologik vaziyatni yaxshilash borasida yana qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, GREEN CITY INDEX uslubiyoti asosida 13 ta hududning maʼmuriy markazi va Toshkent shahrining ekologik pasportlari va ekologik reytingi shakllantirildi. Buxoro va Samarqand shaharlarining ekologik “master-reja”lari ishlab chiqildi.

    Aholini shaharlar ekologik barqarorligining joriy reytingi toʻgʻrisida xabardor qilish, shuningdek, fuqarolarga shaharlarda atrof-muhitni yaxshilash boʻyicha ishlab chiqilgan hujjatlardan (ekologik bosh rejalar va ekologik pasportlar) foydalanish imkoniyatini taʼminlash maqsadida greencities.uz onlayn platformasi ishga tushirildi.

    Markaziy Osiyoda dastlabki ekologik muammolarga ilmiy yechim topishga qaratilgan ilmiy universitet Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) faoliyati tashkil etildi.

    Chiqindilarni boshqarish sohasiga ham katta eʼtibor qaratildi. Maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasida xususiy sektor ulushi 65 foizga yetkazildi. Chiqindi xizmatlariga toʻlov qilishda “Toza Makon billing” dasturiy tizimi joriy qilindi.

    Chiqindi korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 400 mlrd soʻmlik 346 ta maxsus texnikalar lizing asosida yetkazib berildi.

    Chiqindilarni saralab yigʻish tizimini joriy qilish maqsadida 414 ta zamonaviy chiqindi yigʻish maydonchalari rekonstruksiya qilindi va 26 ta zamonaviy maydonchalar qurilib, foydalanishga topshirildi. Chiqindilarni noqonuniy joylashtirish holatlarini aniqlash maqsadida 110 ta nazorat kameralari oʻrnatildi.

    “Sayar LLC” kompaniyasi (AQSH) tomonidan Toshkent shahri, Samarqand va Buxoroda 6 ming tonna tibbiyot chiqindilarini termik qayta ishlab, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilishi boshlandi. Ushbu loyiha doirasida 2024-2025-yillar davomida 7 million dollar jalb etib, yiliga 6 ming tonna tibbiyot chiqindilarini termik qayta ishlab, 20 GVt soat/yil, 2026 — 2030-yillarda 108 million dollar jalb etib, yiliga

    90 ming tonna tibbiyot chiqindilarini termik qayta ishlab, 300 GVt soat/yil quvvatga ega uskunalarni ishga tushirish koʻzda tutilgan.

    Respublikada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida 222 ming gektar maydonda oʻrmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirilib, respublikaning oʻrmon bilan qoplanganlik darajasi 8,1 foizga (3,65 mln gektar) yetkazildi. Jumladan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida qum koʻchishi hamda atmosfera havosiga tuz-chang koʻtarilishini bartaraf etish maqsadida 215 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo qilinib, ularning maydoni 1,9 mln gektarga yetkazildi. Choʻl, togʻ va togʻoldi hududlarida choʻllanish va qum koʻchishi, suv

    va tuproq eroziyasining oldini olish maqsadida 1000 gektar maydonda himoya oʻrmonzorlari (ihota) barpo etildi.

    Barvaqt ogohlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida 20 ta gidrologik postlar zamonaviy avtomatik suv oʻlchash uskunalari bilan jihozlandi.

    “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda 8 ta avtomatik stansiyalar Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari markazlarida hamda Toshkent shahrida oʻrnatilib, olingan maʼlumotlar monitoring.meteo.uz veb-saytida har 10 daqiqada yangilanib borilmoqda.