Bu haqda Markaziy bank tomonidan eʼlon qilingan jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalari boʻyicha sharhda maʼlumot berilgan.

Qayd etilishicha, Mablagʻlarning 77 foizi Rossiyadan (11,5 mlrd doll) kelib tushgan boʻlib, 2023-yilga nisbatan 29 foizga oshgan.

Mazkur transfertlarning qolgan qismi:

  • Qozogʻiston (795 mln doll),
  • AQSH (577 mln doll),
  • Janubiy Koreya (534 mln doll),
  • Turkiya (405 mln doll),
  • Buyuk Britaniya (135 mln doll) va boshqa mamlakatlardan oʻtkazilgan.

2024-yilda Oʻzbekistonga kelib tushgan pul oʻtkazmalari hajmining 2023-yilga nisbatan oʻsishi mehnat migratsiyasi yoʻnalishida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollik, ishchi kuchiga talab va ish haqlarining oshishi hamda migratsiya geografiyasi tarkibida yuqori daromadli mamlakatlar ulushining ortishi bilan izohlanadi.

Shunindek, mazkur mablagʻlarning oylar kesimi boʻyicha tahliliga koʻra, 2024-yilda oʻtkazmalar dinamikasining shakllanishiga mehnat migratsiyasi bilan bogʻliq mavsumiylik omili bilan birga mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan anʼanaviy mamlakatlarda milliy valyuta kursidagi tebranishlar ham taʼsir koʻrsatdi.

2024-yilda Oʻzbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmida 2023-yilga nisbatan:

  • Buyuk Britaniyadan 83 foizga,
  • Janubiy Koreyadan 56 foizga,
  • AQSHdan 35 foizga,
  • Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 32 foizga oʻsish kuzatildi.

Ushbu davrda jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablagʻlarning 8,2 mlrd dollari anʼanaviy xalqaro pul oʻtkazma tizimlari orqali (2023-yilga nisbatan oʻsish 14 foiz), 5,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga toʻgʻridan-toʻgʻri (P2P) oʻtkazmalari orqali (oʻsish 51 foiz) hamda 774 mln dollari bank oʻtkazmasi (SWIFT) orqali (oʻsish 2,1 barobar) amalga oshirilgan (3-diagramma).

Xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga toʻgʻridan-toʻgʻri (P2P) oʻtkazmalar tezkorligi, qulayligi va nisbatan arzonligi hisobiga ommalashib bormoqda.

Birgina 2024-yilda P2P (onlayn) tranzaksiyalar soni qariyb 71 milliontaga yetgan boʻlsa (2023-yilga nisbatan oʻsish 47 foiz), oʻtkazmalar hajmining kelib tushgan jami mablagʻlar hajmidagi ulushi 40 foizgacha koʻpaydi (2023-yilda 34 foiz).

Shuningdek, 2024-yilda Oʻzbekistondan chet elga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 2,8 mlrd dollarni (2023-yilga nisbatan oʻsish 19 foiz) tashkil qildi.