2024-yilgi Olimpiada oldidan Parij taxtakana muammosiga duch kelmoqda

    Parij aholisi taxtakana muammosiga duch kelishmoqda. Qon so'ruvchi zararkunandalar kinoteatrlar, poyezdlar va Sharl-de-Goll aeroportida aniqlangan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda transport vositalaridagi o'rindiqlarda o'rmalab yurgan taxtakanalarning videotasvirlari e'lon qilindi. Hasharot hatto “Liberation” gazetasi muqovasining “qahramoniga” aylandi.

    Fransiya rasmiylari bu muammoni 2024-yilgi Olimpiada boshlangunga qadar hal qilishi kerak. Kelgusi yozda bo'lib o'tishi kerak bo'lgan sport musobaqalari 15 millionga yaqin mehmonni jalb qiladi.

    Parij meri o'rinbosari Emmanuel Greguar Fransiya Bosh vaziri Elizabet Bornga hasharotlarning bunday turlariga qarshi kurash bo'yicha konferensiya tashkil qilishni so'radi. U mavjud vaziyatni sog'liqni saqlash muammosi deb atadi, uni hal qilishda barcha manfaatdor tomonlar ishtirok etishi kerak.

    Fransiyaning oziq-ovqat, atrof-muhit va xavfsizlik agentligi – Anses ma'lumotlariga ko'ra, 2017 va 2022-yillar oralig'ida har o'ninchi uy xo'jaligida istiqomat qiluvchi odamlar taxtakana muammosidan aziyat chekkan. 2019-yilda taxtakana mamlakatda millat salomatligiga 83 million yevrolik (87,8 million dollar) zarar yetkazdi. So'nggi paytlarda taxtakanalarning keng tarqalishi sayohatlarning ko'paygani va zararkunandalarga qarshi vositalarga nisbatan hasharotlarning chidamliligi oshgani bilan bog'liq, deb xabar beradi mir24.tv.