2025-yil uchun Davlat byudjeti tasdiqlandi

    “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ-1011-son, 24.12.2024-y.) qabul qilindi.

    Unga koʻra, Qonun 2025-yil uchun Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.

    2025-yil uchun birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari tasdiqlandi.

    Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan byudjet mablagʻlaridan faqat 2025 moliya yili davomida foydalaniladi va ular kelgusi moliya yiliga oʻtkazilmaydi.

    2025-yil uchun Oʻzbekiston konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilandi.

    2025-yil uchun quyidagilar tasdiqlandi:

    • mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalari;
    • tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimlarning cheklangan stavkalari;
    • chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekistonga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻimlarning stavkalari.

    Qonun 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.