2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida

    Hujjatlar 2 Iyul 2022 5543

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ–127-son qaroriga muvofiq:

    1. 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga (keyingi o‘rinlarda – qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari) quyidagilar O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlashning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

    ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish orqali hududlarda zarur infratuzilmani yaratish;

    qishki sport turlari bo‘yicha nodavlat sport-ta’lim muassasalari, klublar va to‘garaklar tarmog‘ini kengaytirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish;

    mavjud salohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqib, hududlarni qishki olimpiya va paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda qishki sport turlarini rivojlantirish;

    qishki sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolarini shakllantirish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda ularning ishtirokini ta’minlash.

    2. Quyidagilar:

    2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

    2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli ko‘rsatkichlar) 2-ilovaga muvofiq;

    2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘ruvchi O‘zbekiston milliy terma jamoalarining kontingenti 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    3. Quyidagilar dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

    sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan Davlat byudjeti mablag‘lari;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjeti mablag‘lari;

    sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, jamg‘armalari, klublari, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    4. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Toshkent viloyati hokimligi, Toshkent shahar hokimligi, Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida:

    figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey va parakyorling bo‘yicha professional sportchi, malakali trener va boshqa mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida zamonaviy muz saroyi barpo etish;

    Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chimyon qishlog‘ida fristayl, tog‘ chang‘isi, snoubord, paratog‘ chang‘isi, parasnoubord, paraxokkey, parakyorling kabi sport turlarini rivojlantirish maqsadida sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qarashli “Paxtakor” sport bazasi negizida qishki sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zolari uchun 60 o‘ringa mo‘ljallangan Olimpiya tayyorgarlik марказини tashkil etish;

    Toshkent shahrida Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    Sportni rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda Qishki sport turlari bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin.

    5. Belgilab qo‘yilsinki:

    qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni kompleks tayyorlash va ularning natijadorligini oshirish maqsadida 2023 yildan boshlab har yili sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasida qishki Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari (respublika sport musobaqalari, xalqaro sport musobaqalari, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, Osiyo hamda Jahon chempionatlari va kuboklari) uchun 15 milliard so‘mgacha mablag‘lar ajratish nazarda tutiladi;

    qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ–127-son qarorining 1-bandida ko‘rsatilgan miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

    6. Belgilansinki, Maqsadli ko‘rsatkichlar:

    qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha 29 ta dasturda ishtirok etish hamda 7 ta sport turi bo‘yicha 8 ta litsenziyani qo‘lga kiritish, shu jumladan, 3 ta istiqbolli olimpiya sport turi (chang‘ida yugurish, fristayl va kyorling) bo‘yicha 10 ta dasturda ishtirok etishni;

    qishki Paralimpiya o‘yinlari bo‘yicha 4 ta dasturda ishtirok etish hamda paratog‘ chang‘isi bo‘yicha 2 ta litsenziyani qo‘lga kiritish, shu jumladan, paraxokkey bo‘yicha dasturda ishtirok etishni nazarda tutadi.

    Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi:

    Maqsadli ko‘rsatkichlardagi qishki sport turlari bo‘yicha dasturlarda sportchilarning ishtirokini ta’minlasin, bu borada sport federatsiya (assotsiatsiya)larining faoliyatini samarali tashkil etsin;

    sport federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlari bilan birgalikda sportchilarning Maqsadli ko‘rsatkichlardagi dasturlarda qatnashishi va litsenziyalarni qo‘lga kiritishi uchun mas’ul ekanligi belgilansin.

    7. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda qishki sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

    Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrini figurali uchish, xokkey, short-trek, kyorling, paraxokkey, parakyorling sport turlariga ixtisoslashtirish;

    Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining tog‘li hududlarini tog‘ chang‘isi, snoubord, fristayl, ski-alpinizm, paratog‘ chang‘isi, parasnoubord sport turlariga ixtisoslashtirish;

    ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni jalb qilgan holda salohiyatli hududlarda zarur infratuzilmani yaratish, bu borada investorlarni jalb etish, ularga bo‘sh yer maydonlarini belgilangan tartibda ajratish va qurilish ishlariga ruxsat berish;

    tog‘li hududlarda joylashgan sport-ta’lim muassasalarida tog‘ chang‘isi va ski-alpinizm bo‘yicha bo‘limlar tashkil etish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

    muz saroylari mavjud hududlarda figurali uchish, konkida uchish, short-trek, kyorling, xokkey, paraxokkey, parakyorling bo‘yicha bo‘limlar tashkil etish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

    qishki sport turlari bo‘yicha nodavlat sport-ta’lim muassasalarini tashkil qilish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

    qishki sport turlari bo‘yicha hududlar kesimida milliy terma jamoa a’zolarini shakllantirish va 2023 yildan boshlab respublika musobaqalarida ularning ishtirokini to‘liq moliyalashtirish;

    mavjud salohiyat va imkoniyatdan kelib chiqib, hududlarda qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash bo‘yicha homiylarni biriktirish.

    8. 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga biriktirilgan sport bazalari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda sport federatsiya (assotsiatsiya)lari tomonidan mazkur qarorga 4-ilovaga muvofiq biriktirilayotgan sport bazalaridan doimiy ravishda foydalanilishini, zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasin. Bunda, ushbu chora-tadbirlar o‘z tizimida tegishli sport bazalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

    9. Sportni rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda:

    Dastur bajarilishini tizimli tahlil va monitoring qilish, mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlarga ko‘mak berish va metodik yordam ko‘rsatish, ko‘rilayotgan choralar natijalari, milliy terma jamoalarning qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik holati, Dasturga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha asosli takliflarni ishlab chiqish va kiritib borish;

    manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamda sport federatsiya (assotsiatsiya)larini jalb qilgan holda, sport bazalarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash, shuningdek, milliy terma jamoalarni tayyorlash uchun qulay ijtimoiy, maishiy va moddiy sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlarni o‘z vaqtida va sifatli tashkil etishni ta’minlasin.

    10. 2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tashkil etilsin hamda uning tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    11. Respublika komissiyasi (A.N. Aripov):

    ikki oy muddatda qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lariga zarur shart-sharoitlar yaratish uchun ularni tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga biriktirsin, shuningdek, bu borada ushbu tashkilotlarning aniq vazifalarini belgilasin;

    qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur bo‘ladigan byudjet, byudjetdan tashqari mablag‘lar, shuningdek, homiylik xayriyalari miqdorini ko‘rib chiqsin va belgilasin;

    Dasturda nazarda tutilgan hamda manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlarning zimmasiga yuklatilgan vazifa va topshiriqlar o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin, Dasturga muvofiq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarning ijrosini har chorakda muhokama qilish va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rib borsin.

    12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda milliy terma jamoa sportchilarining qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sifatli tayyorgarlik ko‘rishini ta’minlash maqsadida ushbu qarorga 2-ilova bilan tasdiqlangan Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Bunda, quyidagilar nazarda tutiladi:

    byudjetdan tashqari mablag‘lar va homiylik xayriyalari hisobidan sport bazalarini qurish, qayta qurish, kapital ta’mirlash, shuningdek, ulardan to‘liq va samarali foydalanish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy sport anjomlari va jihozlari, shu jumladan, avtotransport vositalari bilan ta’minlash;

    qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan milliy terma jamoa sportchilari, trenerlari va boshqa mutaxassislarni moddiy va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash;

    respublika va xalqaro sport tadbirlari hamda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan hududiy terma jamoa sportchilari, trenerlari va boshqa sport mutaxassislarining uzluksiz ishtirokini ta’minlash;

    joylarda qishki olimpiya va paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)larining hududiy bo‘linmalarini tashkil etish, shuningdek, ularning moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.

    13. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati, qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston sportchilari to‘g‘risida qisqa metrajli videoroliklar hamda maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

    14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 fevraldagi PQ–4583-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekistonda qishki sport turlarini 2020-2023 yillarda rivojlantirish dasturiga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib cportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari R.S.Irmatov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi M.M.Tashxodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 1 iyul