Bu jarayonda kelgusi besh yilda sanoatda qoʻshilgan qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazish, yuqori va oʻrtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirish marra sifatida belgilanadi.

Bunga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning oʻzida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Masalan, Navoiydagi oltin konlarida maʼdan qazib olish boʻyicha 320 million dollarlik loyiha ishga tushirilib, qoʻshimcha 2 million tonna maʼdan qayta ishlanadi. Shuningdek, “Muruntov” konini oʻzlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari boʻyicha 2 milliard 300 million dollarlik yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada yiliga 18 million tonna maʼdanni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.

Yana bir yirik loyiha – Olmaliq kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat boʻlgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi.

“Samarqand kimyo” zavodida 381 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Qashqadaryoda 200 million dollarlik kimyo zavodining qurilishi boshlanadi. Bu maishiy kimyo, polimer, sintetik yoqilgʻi uchun yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti olish imkonini beradi.

Umuman, 2026-yilda kimyo sanoatida 4,5 milliard dollarlik, togʻ-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, toʻqimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida 3 milliard dollardan, elektrotexnikada 2 milliard dollarlik, farmatsevtikada 800 million dollarlik yangi loyihalar boshlanadi.

Shu tariqa 2026-yilda jami eksport 40 milliard dollarga yetkazilib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushi 55 foizdan oshiriladi.