2026-yilda Tokioda haydovchisiz taksi xizmati ishga tushiriladi

    Uchta yirik kompaniya: Cruise, General Motors va Honda Yaponiyada haydovchisiz boshqariladigan taksi xizmatini yo'lga qo'yish uchun hamkorlik o'rnatdi.

    Cruise Origin qo'shma korxonasi 2026-yil boshida Tokio markazida o'z xizmatlarini ko'rsatishni boshlashi kutilmoqda. Olti o'rinli qulay kupelarda odamlarni belgilangan joydan olib ketish va ularni belgilangan manzilga yetkazish xizmati taklif etilmoqda.

    Sayohat butunlay ilova orqali nazorat qilinadi. Mashinalarda haydovchi yoki rul uchun joy bo'lmaydi.

    Dastlab xizmat bir necha o'nlab Cruise Origin avtomobillari bilan taqdim etiladi. Xizmat geografiyasi kengaytirilib, avtomobillar soni 500 taga yetkaziladi. Korxona tashkilotchilari shu yo'l bilan taksi haydovchilari va boshqa transport turlarining yetishmasligi bilan bog'liq dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishga umid qilmoqda.

    28-oktabr kuni Tokioda o'tkaziladigan ko'rgazmada Honda stendida o'zi boshqariladigan ilk Cruise Origin avtomobili namoyish etiladi, deb xabar beradi techcult.ru.