Prezidentning “Oʻzbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Loyihada 2025-yilda oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, koʻpaytirish va ularni keyingi avlodga yetkazish borasida bir qator ishlar amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Jumladan:

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni yigʻish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish joriy etiladi.

Bunda:

  • kvotalar Fanlar akademiyasi tomonidan har yili aniqlanadigan oʻsimlik zaxirasi asosida shakllantiriladi;
  • kvota va ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, auksionga chiqariladi.

Shuningdek, hayvonot dunyosi yoʻqotishlarining oʻrnini qoplash maqsadida 2025-yil 1-sentyabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilishga moratoriy (cheklov) joriy qilinadi.

Bunda:

  • moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xoʻjaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtiriladigan yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda sanitar maqsadlarda ov qilishga tatbiq etilmaydi;
  • ovchilarga muqobil mashgʻulot sifatida hududlarda oʻq otish sportiga ixtisoslashtirilgan maxsus poligonlarda xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi;
  • shaharlardagi tabiiy suv havzalari ixtiofaunasining populyatsiyasini qayta tiklash maqsadida respublikaning markaziy shaharlaridan oqib oʻtuvchi daryo va soylarda 2025-yildan boshlab, har yili 15 tonnadan kam boʻlmagan chavoqlantirish ishlari amalga oshiriladi.

Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari belgilangan.