2030-yilgacha oʻrmon resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi

    Yashil sayyora 5 Iyul 2025 1325

    Ekologiya vazirligi tomonidan respublikaning yashillik darajasini yanada oshirish, oʻrmonlarni koʻpaytirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda.

    Qayd etilishicha, bu boradagi samaradorlikni oshirish maqsadida vazirlik huzuridagi Oʻrmon agentligi faoliyati yanada takomillashtirilmoqda.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-maydagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda oʻrmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 90-son Farmoniga muvofiq, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi huzuridagi Oʻrmon barpo etish va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (Oʻrmon agentligi) etib qayta tashkil etildi.

    Farmonga koʻra, Oʻrmon agentligi zimmasiga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi. Yaʼni “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlarini tashkil etish va ijrosini taʼminlash, choʻllanishga qarshi kurashish va yer degradatsiyasining oldini olish agentlik faoliyatining ustuvor vazifalari qatoriga kiritildi.

    Taʼkidlash joizki, Agentlik tomonidan 2025-yilda yashillik darajasini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 130 ming gektar hududda oʻrmon barpo etildi (yil oxirigacha yana 123 ming gektarda oʻrmonlar yaratiladi). Barcha oʻrmon xoʻjaliklarida 123 mln dona koʻchat yetishtirildi, shundan 30 mln donasi aholi va tashkilotlarga berildi. Shuningdek, 2,7 ming gektarda himoya oʻrmonzorlari barpo qilindi, 2,7 ming gektar degradatsiyaga uchragan yerlar tiklandi (bu raqam yil oxirigacha 7 mingga yetkaziladi), 5,9 ming gektarda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari, 10 ming tonna mahsulot yetishtirildi, “in vitro” laboratoriyalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi va 20 ming gektar yer kam taʼminlangan oilalarga ijaraga berildi.

    19–21-iyun kunlari oʻtkazilgan “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ekologik texnologiyalar koʻrgazmasida Oʻrmon agentligi qator xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik kelishuvlarini imzoladi. Mazkur kelishuvlar choʻl mintaqalarda yashil hududlar yaratish, qum boʻronlariga qarshi texnologiyalarni qoʻllash, raqamli oʻrmon boshqaruvi platformalari hamda 150 ming gektarda oʻrmon massivlari yaratishni qamrab oladi.

    Maʼlumot uchun, "Green University” huzurida Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti filiali tashkil etildi. U yerda suvni tejovchi texnologiyalar asosida aholi punktlarini koʻkalamzorlash, choʻl va yaylov ekotizimlarini tiklash, shoʻr va quruq hududlarda gallofit va kserofit oʻsimliklarni yetishtirishga qaratilgan laboratoriyalar faoliyat yuritadi.

    Ayni damda xorijlik hamkorlar bilan birga 5 tumanda (Arnasoy, Nukus, Qorakoʻl, Muborak, Karmoni) gallofit bogʻlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, Shinjon instituti mutaxassislari tomonidan Qashqadaryo va Surxondaryoda yaylovlarni tiklash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Qolaversa, 142 mln dollarlik kredit va 11 mln dollarlik grant mablagʻlari hisobiga oʻrmon landshaftlarini tiklash loyihasi amalga oshirilmoqda. 2025-yilda 20 mln dollar oʻzlashtirildi.

    “Yashil makon” tashabbusini yangi yondashuvlar asosida jadallashtirish, dorivor oʻsimliklar xom-ashyosi va qayta ishlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan Prezident farmonlari loyihalari ishlab chiqildi. Shu bilan birga, “Oʻzbekkosmos” va boshqa hamkor tashkilotlar bilan oʻrmon fondi yerlarini inventarizatsiya qilish boʻyicha monitoring amalga oshirilmoqda. Monitoring natijalariga koʻra, 1033 ta noqonuniy holat prokuraturaga yuborildi.


    Maʼlumot uchun, 2025-yil 30-maydagi “Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 197-sonli Prezident qaroriga asoslanib, 2030-yilgacha oʻrmon fondi resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi. Unga koʻra, 1,5 million gektarda oʻrmonlar barpo etish, 919 million dona koʻchat va nihol yetishtirish, 47,7 ming gektar yerni oʻzlashtirish va 18,7 ming gektar maydonda himoya oʻrmonzorlari tashkil etish koʻzda tutilgan. 2030-yilgacha barcha maqsadli koʻrsatkichlar toʻliq bajarish maqsad qilingan.