1. Toshkent viloyatidan oqib oʻtgan Chirchiq daryosi Chirchiq yer osti chuchuk suvlar konini doimiy toʻyintirib turadi. Ushbu konda 5 ta yer osti guruhli ichimlik suvi olish inshootlaridan 3 tasi (Qibray, VU-1, Niyozbosh) daryo oʻzanida joylashgan. Suvli qatlam toʻrtlamchi davr yotqiziqlariga tegishli boʻlib, qatlamning qalinligi 20-70 metr, Yangiyoʻl va Chinoz shaharlari atrofida 120-350 metrni tashkil qiladi. Ichimlik suvi taʼminoti uchun foydalanilayotgan mazkur inshootlardagi quduqlarning chuqurligi Toshkent shahrigacha boʻlgan hududda 20-70 m, Yangiyoʻl va Chinoz shaharlari oraligʻidagi hududda 70-350 metrni tashkil etadi. Oʻrganish davomida kuzatuv quduqlaridagi yer osti suv sathi 2-5 m tashkil qilib, yil davomida tebranishi 1-3 metrni tashkil qilgan.
Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida joylashgan “VU-1” suv olish inshootida, 180-sonli kuzatish qudugʻida suv sathi pasayishi kuzatilgan.
Maʼlumot uchun: oʻrtacha yillik yer osti suv sathi 2014-yilda 2,15 m boʻlgan boʻlsa, hozirda 5,38 m boʻlib, 3,23 m sath pasayganligi aniqlangan. Inshoot yaqinida qum shagʻal karyerlari mavjudligi ham sizot suvlarining 1-2 m pasayishiga taʼsir etgan.
2. Zarafshon daryosining mamlakatimizga kirib kelish nuqtasi –“Ravatxoʻja” toʻgʻonidan Kattaqoʻrgʻon shahrigacha boʻlgan oraligʻida “Zarafshon daryosining hozirgi havzasi” yer osti suv koni joylashgan. Ushbu konga jami 16 ta guruhli yer osti suv olish inshootlari bogʻlangan boʻlib, shundan 4 tasi (Choʻponota, Dagbid, Murtak, Damxoʻja) Zarafshon daryosi oʻzaniga juda yaqin joylashgan.
Oʻrganish ishlari davomida ushbu inshootlarning kuzatuv quduqlarida yer osti suv sathi 4,6-10,8 m chuqurlikda boʻlib, yil davomida mavsumiy tebranishi 1,0-2,5 metrni tashkil qilganligi aniqlangan.
“Dagbit” suv olish inshooti 3-uchastkasining quduqlaridan 5-6 metr masofada, daryo oʻzanida 5-7 metr chuqurlikgacha qazish ishlari bajarilgan. Bu bilan, suv olish inshooti 1-sanitar muhofaza mintaqasi (qatʼiy rejim zonasi) talablarining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Eslatma: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 63 va 64-bandiga asosan xoʻjalik-ichimlik suvi taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya-muhofaza zonasi birinchi mintaqasi hududida xoʻjalik-ichimlik suvi taʼminoti tizimi asosiy inshootlaridan tashqari qurilishning barcha turlari taqiqlanadi, ikkinchi mintaqasi hududida esa oʻzan tubini chuqurlash ishlari olib borish taqiqlanadi.
I- sanitar muhofaza mintaqasining radiusi burgʻi qudugʻidan 50 metr etib belgilangan, II- sanitar muhofaza mintaqasi - suv oqimining suv inshootiga bakterial ifloslanish vaqtini (400 kun) inobatga olib, Chirchiq daryosi boʻyicha 320-820 m, Zarafshon daryosi boʻyicha 700-2000 m oraliqda belgilangan.
Shu bilan birga, daryo oʻzanida yer osti suvli qatlamlarining koʻproq ochilishi, 100-500 m radiusdagi hududda, birinchi suvli qatlam – grunt suvlari sathining 1-2 m pasayishiga olib kelgan. Aholining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatayotgan qoʻlbola quduqlar (kachalka, yer osti quduqlar)dagi suv sathiga taʼsir etmoqda.
Buni keyingi yillarda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishining Chirchiq va Zarafshon daryolari suv sarfining pasayishining salbiy taʼsiri bilan izohlanmoqda.
Maʼlumot uchun: “Oʻzgidromet” xizmatining 2012-2021-yillar oraligʻida kuzatuvlar tahliliga koʻra, iqlim oʻzgarishi tufayli yogʻingarchilikning kam boʻlishi, ayrim yillarda vegetatsiya davrida qurgʻoqchilik roʻy bergan, Chorvoq suv omboriga (Chirchiq daryosiga) va Zarafshon daryosiga 2013-2014, 2018, 2020 va 2021-yillarda meʼyordan 10-15% kam suv kelishi kuzatilgan.
Suv tanqisligi, oʻz navbatida, ichimlik suvi tanqisligiga olib kelmoqda. Soʻnggi 15 yil ichida aholi jon boshiga yillik suv hajmi 3048 m3 dan 1589 m3 gacha kamaygan. Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmati koʻrsatishga boʻlgan talab kundan-kunga ortib bormoqda.
Jahon bankining tahliliy koʻrsatkichlariga koʻra, 2050-yilga borib Oʻzbekistonda suvga boʻlgan talab 59 kub km.dan 62-63 kub km gacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub km dan 52-53 kub km gacha kamayadi, bu esa joriy suv tanqisligini (2 kub kmdan 11-12 kub kmgacha) besh barobarga oshiradi.
Ichimlik suvi taʼminotidan foydalanishda asosiy xavflar chuchuk suvning oʻtkir taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, uning ifloslanishi, qurgʻoqchilik va boshqalardan iborat ekanligidir.
Gidrogeologik jihatdan oʻrganish natijasida quyidagicha xulosa qilindi:
1. Qazish ishlari davomida katta maydonlarda yer osti suvli qatlamlarini ochish, tevarak-atrofda, yaʼni 100-500 m radiusdagi yer osti grunt suvlari sathining 1-2 metrga pasayishiga olib keladi. Qazish ishlarida texnologik reglament talablariga qatʼiy rioya qilish lozim.
2. Zarafshon daryosi boʻyidagi “Dagbit suv olish inshooti”
3-uchastkasining I-sanitar-muhofaza mintaqasida joylashgan hududda qazish ishlarini toʻxtatish va rekultivatsiya qilish lozim.
3. Yer osti suv olish inshoatlarining II-sanitar-muhofaza mintaqasida joylashgan karyerlardagi qazib olish ishlari yer osti suvlarining (mikrobli) ifloslanishiga olib kelishi mumkinligini inobatga olib, ushbu hududlarda qazish ishlarini cheklash tavsiya etiladi.
Mazkur gidrogeologik xulosa ishchi guruhga va mutasaddi vazirlik va idoralarga taqdim etildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Davlat ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzbekgidrogeologiya” DUK tomonidan taqdim etilgan xulosaga asosan Zarafshon va Chirchiq daryolarining ichimlik suv taʼminotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan uchastkalarda noruda materiallarini qazish ishlarini olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati oʻrganildi.
Oʻrganish natijasiga koʻra, Zarafshon daryosi oʻzanida joylashgan “Dagbit” ichimlik suv olish inshootining 3-uchastkasida noruda materiallarini qazish bilan shugʻullanuvchi “Qorakoʻl Story Engineering” MCHJning Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan berilgan 1 ta litsenziyasini bekor qilish orqali faoliyati toʻxtatildi, “Samarqand Keramik” MCHJlarga qarashli 1 ta litsenziyali karyer faoliyatini toʻxtatish boʻyicha sudga davo arizasi kiritildi.
Shuningdek, Zarafshon daryosi oʻzanini tozalash jarayonida qum-shagʻal materiallarini qazib olish huquqini beruvchi “Oqdaryo tosh koni”, “Zarafshon kompleksi”, “Zarafshon propriyety servis”, “Sam ideal stroy”, “Sam shohrux savdo”, “Qambarov Orzumurod Qambar oʻgli”, “Techno star building”, “Moxli oqila”, “Bulungʻur maxsus” hamda “Enter Engineering Pte Ltd” MCHJlar bilan tuzilgan 11 ta, FVV “Maxsus muhandislik qurilish boshqarmasi” bilan tuzilgan 2 ta hamda Tayloq TYFUK bilan tuzilgan 2 ta jami 15 ta “Xavfsiz daryo” DUKning shartnomalari amal qilish muddatlari tugaganligi sababli bekor qilindi.
Chirchiq daryosi oʻzanini tozalash jarayonida qum-shagʻal materiallarini qazib olish huquqini beruvchi Maxsus-muhandislik qurilish boshqarmasi bilan “Xavfsiz daryo” DUK oʻrtasida tuzilgan 2 ta shartnomalarning amal qilish muddati tugaganligi sababli qazish ishlari toʻxtatildi.
Chirchiq daryosidagi VU-1 va “Niyozbosh” suv olish inshootining sanitariya-muhofaza zonasi II-mintaqasi hududida joylashgan Davlat geologiya qoʻmitasining litsenziyalariga ega “INERT MATERIALLARI”, “NOVATEK INVEST” “QUYICHIRCIQ BALIQCHI”, “SHAGALQUM”, “BINOKOR”, “EVEREST OPTIMAL PLUS” MCHJlar (6 ta) hamda “Xavfsiz daryo” DUKning shartnomalariga asosan “Qibray” va “Niyozbosh” suv olish inshootining sanitariya-muhofaza zonasi II-mintaqasi hududida oʻzan tozalash ishlari olib borayotgan “UNIVERSAL CRASHER”, “EURO STORY STONE”, “BULDOZER MINING”, “PROM STONE” MCHJlar (4 ta);
Zarafshon daryosidagi “Damxoʻja-3” suv olish inshootining sanitariya-muhofaza zonasi II-mintaqasi hududida “ZARAFSHON UNIVERSAL GRAND” MCHJ va Ishtixon tumani YFUK (3 ta) qazib olish ishlarini cheklash va bosqichma-bosqich tugatish boʻyicha chora tadbirlar belgilandi.
Anvar Muxamedaliyev,
“Oʻzsuvtaʼʼminot” AJ bosh mutaxassisi.









