Anjumanda bugungi kunga kelib zamonaviy axborot texnologiyalarining saylov jarayoniga taʼsiri ham sezilarli darajada oshgani, soʻnggi yillarda saylov amaliyotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yangi imkoniyatlaridan foydalanish boʻyicha muayyan tajriba toʻplangani  taʼkidlandi.

— Bu fuqarolar saylov huquqlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda milliy qonunchilikka, xalqaro saylov standartlariga muvofiq amalda taʼminlanishiga zamin yaratmoqda, — dedi Shuhrat Sodiqov. — Maʼlumot uchun aytib oʻtish joiz, 2019-yildagi parlament saylovlarida 60 ta saylov uchastkasiga 120 ta videokuzatuv kamerasi va zaruriy qurilmalar “UNICON.UZ” DUK tomonidan oʻrnatilgan edi. Bugungi kunda xorijiy tajriba hamda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, joriy yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Prezidenti saylovida har bir tuman va shahardagi bittadan namunaviy saylov uchastkasida 2 tadan kamera hamda zaruriy qurilmalarni oʻrnatish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aniq raqamlarni keltiradigan boʻlsam, 207 ta tuman va shaharda jami 414 ta kuzatuv kamerasi oʻrnatilishi belgilangan. Bu esa 2019-yildagiga nisbatan 147% koʻp deganidir.

Vazirning aytishicha,  414 ta videokuzatuv kamerasi oʻrnatiladigan 207 ta saylov uchastkasi mahalliy hokimliklar hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tanlab olingan boʻlib, ularning roʻyxatlari shakllantirilgan. Saylov uchastkasini roʻyxatga olishda u yerda optik tolali internet aloqasi mavjudligiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Mazkur choralarni moliyalashtirish masalasi saylov kampaniyasining xarajatlar smetasida nazarda tutilgan boʻlib, ularni saylovga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplash belgilangan.

- Ayni kunga qadar roʻyxatga kiritilgan barcha saylov uchaskasiga videokuzatuv kameralari oʻrnatilib, ovoz berish jarayoni Markaziy saylov komissiyasining Saylov2021.uz saylov portali orqali, Matbuot markazidagi katta hajmdagi monitorda, “Oʻzbekiston 24” telekanali hamda Markaziy saylov komissiyasi binosida onlayn translyatsiya qilib boriladi. Translyatsiya vaqti saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha etib belgilangan.