23 bosh noyob ilon tabiatga qoʻyib yuborildi

    Yashil sayyora 15 Iyul 2025 528

    Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari hamda Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari hamkorligida 6 bosh Oʻrta Osiyo kobrasi va 17 bosh sharq boʻgʻma iloni — jami 23 bosh ilon tabiatga qaytarildi.

    Qayd etilishicha, mazkur ilonlar Ekologiya vazirligi inspektorlari tomonidan oʻtkazilgan reydlar davomida fuqarolar tomonidan noqonuniy saqlab kelinayotganligi aniqlangan va olib qoʻyilib, Toshkent hayvonot bogʻiga vaqtincha saqlash uchun topshirilgandi.

    Endi esa Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining ilmiy xulosasi asosida “Surxon” davlat qoʻriqxonasining Kampirtepa, Sherjon va Sholkon hududlariga qoʻyib yuborildi.

    Maʼlumot uchun, Oʻrta Osiyo kobrasi va Sharq boʻgʻma iloni zaifga yaqin, mozaik tarqalgan tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi hamda CITESning II Ilovasiga kiritilgan. Qizil kitobdagi maʼlumotlarga koʻra, Oʻrta Osiyo kobrasi hozirda ayrim yashash joylarida butunlay yoʻq boʻlib ketgan, qolganlarida soni kam uchraydi. Sharq boʻgʻma ilonining soni haqida esa aniq maʼlumotlar yoʻq.