Yilning muhim sport voqeliklaridan biri, deya eʼtirof etilayotgan III Toshkent xalqaro marafoni oldidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, mazkur sport tadbirining nufuzi yildan yilga ortib bormoqda. Buni ishtirokchilar sonining oʻsishida ham koʻrishimiz mumkin. Agarda 2019-yili oʻtkazilgan dastlabki musobaqada mingga yaqin havaskor va professional sportchilar qatnashgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 1600 ga yaqinlashgan. Bu yilgi musobaqada esa ishtirokchilar soni ikki minglik dovondan ham oʻtishi kutilmoqda.

Xalqaro sport tadbirini marafon (42,195 km), yarimmarafon (21,0975 km), ekiden (5 km+10 km+5 km+10 km+5 km+7,195 km) va 3 km masofada oʻtkazish, ishtirokchilarni zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda roʻyxatga olish belgilandi.

Marafon hamda yarim marafon musobaqalarida 18 yosh va undan yuqori boʻlgan professional sportchilar ishtirok etish huquqiga ega. Ular medal, diplom hamda qimmatbaho sovgʻalardan tashqari Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi uchun ham kurash olib boradi.

Ekiden marafon Toshkent xalqaro marafonining yangi yoʻnalishi boʻlib, hozirda unga qiziqish tobora ortib bormoqda.

Ekidenning umumiy uzunligi ham xuddi marafon singari 42 km 195 metrni tashkil etadi. Faqat, bunda belgilangan masofa bir kishi emas, balki 6 nafar ishtirokchi tomonidan bosib oʻtiladi.

Matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, ekiden yoʻnalishidagi musobaqalarda ishtirok etish uchun ayni paytga kelib 50 ga yaqin jamoa roʻyxatdan oʻtgan. Onlayn tarzda roʻyxatga olish jarayoni 27-mart kuni kechqurun yakunlanishini inobatga olsak, bahslarga yana 10-15 tacha jamoa qoʻshilishi mumkin.

Epidemiologik vaziyat tufayli xalqaro marafonda koʻplab xorijiy davlatlar vakillari qatnasholmayapti. Ammo mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari anchaginani tashkil etmoqda.

Marafonning boshlanish nuqtasi – Afrosiyob koʻchasida, “Humo Arena” muz saroyi yonida boʻlib, qatnashchilar marafon davomida Toshkent shahrining markaziy koʻchalari, jumladan Beshyogʻoch, Oybek, Nukus va Abdulla Qodiriy koʻchalarini yugurib oʻtishadi.

Marafonga soat 8:00 da start beriladi.