Muborak Ramazon hayiti hamda yasharish, yangilanish bayrami Navroʻzi ayyom arafasida yurtimizda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida koʻplab yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Har bir hududda yangi uy-joy massivlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, turizm va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.

«Bu ishlarimizning barchasi bir maqsadga – iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, mahallalarga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish va albatta xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilgan.
Bugun ishga tushayotgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shu keng koʻlamli ishlarimiz va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati namunasi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz», – dedi Prezidentimiz.

Qiymati 2 milliard 700 million dollarlik ushbu loyiha shunchaki korxona emas, balki mamlakatimiz sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua ekani taʼkidlandi.

Soʻnggi yillarda togʻ-kon sanoati tubdan isloh qilindi. Ilgari qimmatbaho va rangli metallarni qazib olish bilan 2 ta kombinat shugʻullanar edi.

Konlarni investorlarga berish boʻyicha shaffof tizim yaratilgani hisobiga toʻqqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Mustaqillikning dastlabki yigirma besh yilida oltin qazib olish hajmi 63 tonnadan 87 tonnaga yoki 24 tonnaga oshgan boʻlsa, soʻnggi toʻqqiz yilda bu yana 31 tonnaga koʻpayib, oʻtgan yili 118,4 tonnaga yetkazildi.

Xuddi shunday 2016-yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar, mis 1,4 barobarga oshirilishiga erishildi. Natijada sohada ishlab chiqarish 1,7 barobar oʻsib, oʻtgan yil 270 trillion soʻmga yetdi.

Muhimi, yuqori daromadli eng koʻp ish oʻrinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda ekani taʼkidlandi. Bugun ekskavator mashinisti 30 million soʻmgacha, burgʻilash mutaxassislari va katta samosval haydovchilari 40 million soʻmgacha, geolog va marksheyderlar 70 million soʻmgacha maosh olmoqda.