3 ta viloyatda "valyutchik"lar faoliyatiga chek qoʻyildi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan Toshkent, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida noqonuniy valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanish holatlariga chek qoʻyishga qaratilgan tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

    Departamentning Mirobod tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan R.D. fuqaro Z.Q.ga jami 5 000 AQSH dollarini 64,9 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shu kabi, Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Qarshi shaharida oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan E.U. fuqaro N.H.ga jami 3 500 AQSH dollarini 45,2 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ushlanib, tadbir jarayonidan 300 AQSH dollari, 250 yevro, 135,1 ming Rossiya rubli va 57 mln soʻm pullar ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Shuningdek, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi IIB xodimlari hamkorligida Navoiy shahri “Yangihayot” MFY hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan R.J. fuqaro B.N.ga jami 3 500 AQSH dollarini 45,5 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.