Energetika vazirligi shtabi tomonidan joriy yilning 9-oktyabr kuni o'tkazilgan tezkor tadbir davomida Navoiy viloyati Navoiy shahar, Tinchlik qo'rg'oni hududida joylashgan “Sardorbek Sitoraxon Ibrohimbek” MCHJga qarashli ohak ishlab chiqarish tsexida o'rnatilgan “STG-80/250” rusumli (zavod raqami 18766) elektron gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta'sir ko'rsatilgani, ya'ni hisoblagichga metal sim tiqib 2021-yil 15-sentyabr kunidan boshlab tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida yozilishicha, ushbu holat, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarorining 121- va 125-bandlari talabiga zid hisoblanib, iste'molchi tomonidan foydalanib kelgan 3 dona ohak pishirish humdoniga dastlabki hisoblangan gaz hajmi 295 ming metr kubni va yetkazilgan zarar miqdori 295 million so'mni tashkil etdi.

Ushbu hajmdagi tabiiy gaz 30 mingta xonadonning 1 kunlik iste'molini tashkil qiladi. Aniqlangan holatga huquqiy baho berish uchun rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organiga yuborildi.