4-fevralni butun dunyoda saraton kasalligiga chalingan bemorlarni qoʻllab-quvvatlash, profilaktika choralarini targʻib qilish va onkologiya sohasidagi ilgʻor yutuqlar haqida xabardorlikni oshirish maqsadida nishonlanadi.

Maʼlumot uchun, saraton – bu organizmdagi hujayralarning nazoratsiz boʻlinishi va oʻsishi bilan bogʻliq xavfli kasallik boʻlib, u turli organ va toʻqimalarda rivojlanishi mumkin. Bugungi kunda saraton dunyo boʻylab oʻlim darajasi yuqori boʻlgan kasalliklar qatorida turadi.

Saraton qanday paydo boʻladi?

Sogʻlom hujayralar aniq tartibda oʻsadi va koʻpayadi. Lekin baʼzi omillar tufayli genetik mutatsiyalar yuzaga kelib, hujayralar nazoratsiz oʻsishni boshlaydi. Ushbu yomon oʻsma (oʻsuvchi toʻqima) asta-sekin atrofdagi organlarga tarqalib, jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Saraton yosharyapti!

Oldin saraton koʻproq yoshi katta odamlarda uchrardi. Ammo soʻnggi yillarda bu kasallik yoshlar va hatto bolalar orasida ham koʻp uchray boshladi.

Tadqiqotlarga koʻra, 1990-yildan beri 50 yoshgacha boʻlgan odamlarda saraton bilan kasallanish holatlari 79 foizga oshgan!

Statistika shuni koʻrsatadiki, saratonning 40 foizdan ortigʻi oldini olish mumkin boʻlgan omillarga bogʻliq. Sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, muntazam tibbiy tekshiruvlardan oʻtish va erta diagnostika hayotni saqlab qolishda muhim rol oʻynaydi.

Saratonning oldini olish uchun:

  • Sogʻlom ovqatlanish tartibiga rioya qiling,
  • Jismoniy faollikni oshiring,
  • Tamaki va alkogoldan voz keching,
  • Doimiy tibbiy koʻrikdan oʻtib turing.