Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qiziriq tuman boʻlimi tomonidan ATB “Xalq banki” Qiziriq filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazildi.

Tekshiruvda “B.S.” MCHJ rahbari E.B. ushbu bank filiali masʼul shaxslari bilan oʻzaro til biriktirib, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish maqsadida 1,7 mlrd soʻm kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablagʻlarni maqsadsiz sarflagangani aniqlangan.

Maʼlum qilinishicha, kredit taʼminoti uchun garovga qoʻyilgan noturar koʻchmas mulk binosi qiymatini sunʼiy ravishda oshirib koʻrsatib, kreditnng asosiy qarzi va foizlari hisobidan bank manfaatlariga 1,8 mlrd soʻm zarar yetkazgan.

Shuningdek, ATB “Xalq banki” Chortoq filiali sobiq xodimlari 10 ta tadbirkorlik subyektlari rahbarlari bilan oʻzaro til biriktirib, bank muassasasidan tikuvchilik va chorvachilik faoliyatini rivojlantirish maqsadida 42 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 1 mlrd soʻm kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.