Fikrlarimizni raqamlar bilan dalillasak. Birinchi instansiya sudlari tomonidan 2020-yilda 8 nafar, joriy yilning shu davriga qadar 5 nafar shaxsga oid ishlar yuzasidan oqlov hukmlari eʼlon qilingan. Viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan yil boshidan ayni paytga qadar 13 nafar shaxs oqlangan. Bu amaliy ishlar koʻp yillar davomida odamlar ongiga singib ketgan “biror shaxsning ishi sudgacha yetib bordimi, u albatta, jazolanishi kerak” degan aqidani bartaraf etib, sudlar, adolat borligiga nisbatan ishonchini mustahkamlamoqda.

Sud-huquq tizimdagi beqiyos oʻzgarishlar bir paytlar nohaq sudlanib, oʻz vaqtida koʻp va xoʻp jabr chekkan yurtdoshlarimizda katta umid uygʻotayotgani ham bor gap. Furqat Kamalov 2015-yili sudlanib, unga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Oʻzbekiston tumani sudining hukmi bilan uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, eng kam oylik ish haqining 350 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

U 2010-yildan 2014-yil iyun oyiga qadar ichki ishlar tizimida ishlab kelib, mansab vakolatini suiisteʼmol qilganlikda ayblangan. Jumladan, unga tuman IIB qoshida tashkil etilgan yordamchi xoʻjaligi rasmiy hujjatlariga boshqa shaxs nomi tirkalgan boʻlsa-da, amalda F. Kamalov nomidan yuritilganligi, yordamchi xoʻjalik uchun ajratilgan 12 gektar yer maydoniga davlat buyurtmasi boʻyicha don ekilishini taʼminlamay, boshqa ijarachilarga vaqtincha foydalanish uchun berib yuborganligi, ular esa sholi, piyoz, qalampir va yer yongʻoq kabi ekinlar ekib daromad olib kelishi natijasida davlat va jamoat manfaatlariga zarar yetkazganligi, yordamchi xoʻjalikka ekiladigan don uchun “Qishloqxoʻjalikkimyo” shoʻba korxonasidan olingan mineral oʻgʻitlarni oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilganligi kabi ayblovlar qoʻyilgan.

Oʻtgan yillar davomida oʻzining aybsizligini isbotlash uchun bir necha bor sudga, jumladan, Oliy sudga murojaat qilgan. Oliy sud jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasining 2021-yil 12-maydagi ajrimi bilan jinoyat ishi yangidan apellyatsiya instansiyasida koʻrish uchun Fargʻona viloyatiga yuborilgan. Hayʼat sudning 2015-yildagi hukmi bilan aybli deb topilgan F. Kamalovga oid ishning barcha jihatlarini sinchiklab tekshirib, oʻrganib chiqdi va u aybsiz deb topilib, oqlandi. Shuning barobarida unga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda maʼnaviy va boshqa ziyon oqibatlarini tegishli tartibda bartaraf qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.

Araz va gina-kuduratni unutib, oʻzaro kelishmovchilikni bartaraf etish, bir-birini tushunish, yarashish xalqimizga xos fazilatlardan. Mana shunday yaxshilikka undovchi urf-odatlar sudlar tomonidan ishlarni koʻrish jarayonida ham amal qilinyapti. Yaʼni aksariyat hollarda ishni koʻrib tugatishga asoslar mavjud boʻlsa, bunday vaziyatda sudya tomonlarni yarashtirish tarafdori. Shu kunga qadar 2 ming 58 shaxsga doir ishlar taraflar yarashganliklari sababli koʻrib tugatilgan.

Shu oʻrinda yana bir statistik tahlilga eʼtibor bersak. Apellyatsiya instansiyasi tomonidan 2020-yilda 50 shaxs, 2021-yil 9 oyida esa 43 shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan. Bundan tashqari, kassatsiya instansiyasi tomonidan ham 9 oy davomida 15 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan.

Albatta, inson zoti xatodan holi emas. Ayniqsa, yoshlar orasida bilib-bilmay, koʻpincha nojoʻya xatti-harakatlarining oqibatini oʻylamay jinoyat sodir etish hollari uchrab turadi. Bunday holatda sodir etilgan qilmishning holati va darajasiga qarab, shaxsga nisbatan kafolat xatlari asosida yengillik berilayotgani ham qonunchiligimizga xos xususiyatlardan. Viloyat sudlari tomonidan shaxsga nisbatan jazo tayinlashda Yoshlar ittifoqi, xotin-qizlar va mahalla fuqarolar yigʻinlari kafilligi eʼtiborga olinmoqda. Yoki Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasini qoʻllagan holda, 2021-yilning birinchi yarmi mobaynida 1 ming 309 shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Yuqoridagi holatlarning barchasida, avvalo, sudlanuvchilarning xatosidan xulosa chiqarganligi, mehnatga halol munosabatda boʻlgan, bundan buyon toʻgʻri yoʻldan toymay yurishga qatʼiy intilayotganligi inobatga olingan.

Jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplanganligi sababli qonunda belgilangan qatʼiy normaga muvofiq ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan shaxslar xususida ham ayni fikrni taʼkidlash oʻrinli. Xususan, 6 oyida 389 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish hamda ozodlikni cheklash jazosi oʻrniga boshqa yengilroq jazo tayinlangan boʻlib, bu ham qonunlarimizning insonparvarlik tamoyillariga asoslanganligidan dalolat.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasida “Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, deb belgilangan. Shundan kelib chiqilsa, keyingi yillarda sudlarga murojaat qilganlar keskin oshganligini, avvalo, odamlarda sudga boʻlgan ishonchning ortib borayotganligi bilan bogʻliq, deyish mumkin. Misol uchun, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 2021-yilning 8 oyida 22 ming 749 ta ish koʻrilib, 78,1 foiz daʼvo arizalar qanoatlantirilganligi fikrimizni tasdiqlaydi.

Shuhrat KAMOLOV,

Fargʻona viloyat sudi raisi