Qarorga koʻra, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini hamda yerni lazerli uskuna yordamida tekislangan holda diskretli sugʻorish usulini joriy qilish surʼati besh barobarga oshiriladi.
Shunga koʻra, 2021-yilda respublika boʻyicha jami 430 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladi.
Shundan sugʻoriladigan 200 ming gektar maydonni lazerli uskuna yordamida tekislash orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi.
2021-yildan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda davlat tomonidan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar beriladi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Subsidiya mablagʻlari joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalar kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi hamda bunday texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi.
2021-yil 1-dekabrga qadar Suv xoʻjaligi vazirligining mavjud 1 688 ta nasos stansiyasida elektr energiyasining sarfi hamda chiqarilgan suv hajmi hisobini yurituvchi respublika boʻyicha yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
Shuningdek, professional taʼlim muassasalarida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish boʻyicha mutaxassislar (konsultant) tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi joriy etiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.