5 ta metan zapravkadan 11 mlrd soʻmlik tabiiy gaz oʻgʻirlanganini aniqlandi

    Ijtimoiy hayot 8 Avgust 2023 1372

    Oʻgʻirlangan tabiiy gaz oʻrtacha 6 mingta xonadonning bir yillik isteʼmolini tashkil qiladi.

    Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, “Oʻzenergoinspeksiya” huquqni muhofaza qilish organlari va “Hududgaztaʼminot” AJ xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyati hamda Toshkent shahrida joylashgan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida tezkor tadbir oʻtkazdi.

    Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Piskent tumanida joylashgan “Kamolot istiqlol koʻmakchisi” MCHJga qarashli 3 ta AGTKSHda oʻrnatilgan gazni hisobga olish uskunalarida nazorat qilinadigan maʼlumotlar isteʼmolchilar aralashuvi bilan qisman yoʻqotilishiga yoʻl qoʻyilgan. Yaʼni gazni hisobga olish uskunasining elektr taʼminoti tizimidan vaqti-vaqti bilan uzib qoʻyish yoʻli bilan isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmining haqiqiy koʻrsatkichlari hisobotlardan yashirib kelingani aniqlangan.

    Yuqoridagi holatlar natijasida “Kamolot istiqlol koʻmakchisi” MCHJga qarashli 3 ta AGTKSHning sanoat tarmogʻidagi ulanish nuqtasida isteʼmol qilingan tabiiy gaz hajmi hisobini yuritish uchun oʻrnatilgan EGXUlarining elektron xotira maʼlumotlari yoʻqotilishiga yoʻl qoʻyilgan.

    Buning oqibatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, “Kamolot istiqlol koʻmakchisi” MCHJ-1 shoxobchasi tomonidan qiymati 1 milliard 302 million 579 ming soʻmlik (1 302 579 metr kub tabiiy gaz), “Kamolot istiqlol koʻmakchisi” MCHJ-2 shoxobchasida qiymati 4 milliard 623 million 523 ming soʻmlik (4 623 523 metr kub tabiiy gaz) va “Kamolot istiqlol koʻmakchisi” MCHJ-3 shoxobchasida esa 1 milliard 896 million 573 ming soʻmlik (1 896 573 metr kub tabiiy gaz) hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

    Shuningdek, Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan “Koshona poydevori” MCHJga qarashli AGTKSHda tabiiy gaz hajmini hisobga olish uchun oʻrnatilgan “AvtoPilot PRO” rusumli elektron hisoblagichga oʻrnatilgan bir marotabalik nazorat tamgʻasi qasddan buzilgani va hisoblagichdagi manifold qismi tenglashtiruvchi joʻmraklari qisman ochiq holatdaligi aniqlangan.

    Holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga asosan, 1 milliard 907 million 168 ming soʻmlik (1 907 168 metr kub tabiiy gaz) hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

    Sergeli tumanida joylashgan “Nur Ziyod fayz biznes” MCHJga qarashli AGTKSHda esa “AvtoPilot PRO” rusumli gaz hisobdoni oʻrganilganda, unga tashqi taʼsir koʻrsatilganligi, yaʼni hisobdon manifold qismi tenglashtiruvchi joʻmraklari ochiq holatdaligi maʼlum boʻlgan.

    Holat yuzasidan 1 milliard 324 million 800 ming soʻmlik (1 324 800 metr kub tabiiy gaz) hajmda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

    Ushbu hajmdagi tabiiy gaz oʻrtacha 6 mingta xonadonning bir yillik isteʼmolini tashkil qiladi. Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlariga taqdim qilingan.