Prezidentimizning 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan tashkillashtirilgan ushbu xalqaro tadbirda mamlakatimizning barcha hududlaridan 288 nafardan ziyod hunarmand, zargar, zardoʻz, kashtadoʻzlar ishtirok etadi.

Bundan tashqari, AQSH, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Quvayt, Tojikiston, Rossiya, Indoneziya, Malayziya singari 58 mamlakatdan 221 nafar, xususan, chet ellik 112 nafar hunarmand qatnashdi.

Festivalni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 200 nafardan ortiq vakili keng yoritib bordi.

— Xalq banki mamlakatda hunarmandchilik sohasining yanada rivojlanishi uchun masʼul moliya muassasasi hisoblanadi. Tabiiyki, Buxoro shahrida oʻtkazilgan Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalining yuqori saviyada oʻtkazilishiga yaqindan amaliy koʻmak berildi, — deydi mazkur bank axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova. — Bankimiz tomonidan ajratilgan 100 mln. soʻm mablagʻ festivalda ishtirok etgan kashtadoʻzlar mehnatini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirildi.

Tadbir yakunida “Eng yaxshi zargarlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardoʻzlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardoʻz”, “Eng yaxshi zargar”, “Eng yaxshi zardoʻzlik maktabi ustasi”, “Zardoʻzlik boʻyicha qadimiy sulola davomchisi”, “Zargarlik boʻyicha qadimiy sulola davomchisi” kabi nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandilar. Ularga diplom va pul mukofotlari topshirildi.