баннер
19 Mar 2025
16:48

    7 milliard dollarlik marra

    toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati eng tez rivojlanayotgan sohaga aylandi

    Sohada zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi, yangicha yondashuvlar va oʻzgacha dizayn raqobat maydonini yuzaga keltirmoqda. Oʻzbekistonning bu maydonga, katta bozorga kirganiga koʻp boʻlmadi. Milliy toʻqimachilik sanoatimizning yangi davri va rivoji keyingi yillarda koʻzga tashlana boshladi.

    Mehnatni qilgan boshqayu mevasini totgan boshqa edi

    Oʻzbekiston paxta yetishtirish boʻyicha dun­yoda yuqori oʻrinlarda turadi. Shunday boʻlsa-da, ilgari mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar xaridorgir emasdi. Boisi, oʻzimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga ishonchsizlik ortidan xorijga milliy mahsulot eksport qilish u yoqda tursin, ichki bozorlarda ham talab juda oz boʻlgan. Alaloqibat sohada ish boshlagan aksariyat tadbirkorlar faoliyati koʻpga bormasdi. Umuman olganda, bu soha faqatgina xomashyo ishlab chiqarishga moslashib qolgandi.

    Paxtani qayta ishlash korxonalari ip-kalava va xom mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi. Korxonaning oʻzida matoni boʻyash, ichki laboratoriyalarni gapirmasa ham boʻladi. Bunday holatda yuqori qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tasavvur qilish amri mahol edi.

    Aksariyatimiz paxta terimida qatnashganmiz. Uning mashaqqati haqida ozmi-koʻp xabarimiz bor. Ketmon koʻtarib, suv yoqalab, paxta terimi tugaguncha qora terga botib, daladan beri kelmagan insonlarning peshona teri oʻz davrida arzimas pulga baholangani ham bor gap. Ayniqsa, bizdan paxtani olib, oʻzimizga tayyor mahsulot qilib oʻn barobar narxda sotgan davlatlarni ham bilamiz.

    Oqibatda oʻzimizda ishlab chiqarishdan koʻra xorijning mahsulotini olib kelib daromad topishni afzal koʻradigan ishbilarmonlar soni ortdi. Soʻngra biz tayyor mahsulot ishlab chiqarish oʻrniga xorijga xomashyo eksport qilib, tayyor mahsulot import qiladigan davlatga aylandik. Mehnatni qilgan boshqayu mevasini totgan boshqa edi.

    Bugun vaziyat tamomila oʻzgargan. Endi biz paxta yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlab, hatto qoʻshni davlatlardan xomashyo sotib olib, jahon bozoriga tayyor mahsulot eksport qilmoqdamiz.

    Quruq qoshiq ogʻiz yirtadi, deyishadi. Yaxshisi, buni raqamlar misolida koʻrib chiqsak. 2016-yil Oʻzbekistonning toʻqimachilik mahsulotlari eksporti 1,1 milliard dollar atrofida boʻlgan, 2024-yilda esa qariyb 3 milliard AQSH dollariga yetdi. Ammo oʻzimizda yetishtirilayotgan xomashyo va ishchi kuchini hisobga olsak, bundan ham yuqori marralarni egallashimiz mumkin.

    Soʻnggi yillarda yurtimizda ishlab chiqarishni koʻpaytirish, xususan, oʻzbek toʻqimachilik sanoati raqobatbardoshligini ­taʼminlash, tadbirkorlarga mahsulotini eksport qilish uchun qulay sharoit yaratish, kichik va oʻrta biznesni ragʻbatlantirish borasida qator qulayliklar yaratilmoqda. Joriy yil 16-yanvarda davlatimiz rahbari “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzolashi sanoat rivojidagi yana bir odim boʻldi.

    Rivojlangan davlatlarning yuksalishida birinchi omil erkin tadbirkorlik muhiti bilan birga odamlarda boqimandalik kayfiyatini yoʻqotib, ularni qobiliyatiga qarab mehnatga yoʻnaltirish hisoblangan. Buyuk Britaniya Bosh vaziri boʻlgan Margaret Tetcherning quyidagi fikrlari bu borada oʻrinli: “Men boshqaruvga bitta aniq oʻylab chiqilgan reja bilan kirishdim: ingliz jamiyatini toʻliq davlat qaramogʻidagi boqimandalik holatidan oʻz kelajagiga toʻliq ishongan tadbirkor holatigacha, “oʻtiramiz” va “kutamiz” Angliyasi oʻrniga “uygʻon” va “yur” Angliyasi oʻrnatilishi uchun anʼanaviy “marhamat qilib menga bering”dan “hammasini oʻzimiz qilamiz” millatigacha oʻzgartirish”. Shu jihatdan olganda, bugun Oʻzbekistonda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishda xomashyodan tortib, tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlar oʻzimizda kechayotgani, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani diqqatga sazovor.

    Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari dunyo miqyosida eng talabgir boʻlish barobarida global muammo — ishsizlikni kamaytirishga ham katta hissa qoʻshadi. Aksariyat davlatlar ushbu tarmoqni rivojlantirib, yirik ish beruvchi sanoatga aylantirmoqda.

    Farmonda ham bu sohada qilinishi kerak boʻlgan muhim masalalar belgilab berildi. Jumladan, 2025-2027-yillarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida qayta ishlash zanjirini rivojlantirish asosiy maqsad ekani qatʼiy belgilandi. Joriy yilda sohada mahsulot eksportini 4 milliard dollarga, 2027-yilda esa 7 milliard dollarga yetkazish marrasi olindi. Shuningdek, AQSH va Yevropa davlatlari bozorlariga tayyor mahsulotlar eksportini 500 million dollarga yetkazish maqsad qilindi. Ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy qilish hamda xalqaro brendlarni jalb qilish orqali jami eksportda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ulushi 70 foizga yetkaziladi.

    Koʻzlangan marra ancha yuqori. Endi esa bu maqsad sari qanday odimlash, nimalarga eʼtibor berish kerakligi ochiqlanishi kerak. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: yurtimizda ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari bilan jahon bozorlarini zabt eta olamizmi? Xorij bozorlarini ancha yillardan beri egallab olgan brendlarga raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun nimalar qilishimiz, qanday choralar koʻrishimiz kerak?

    Bugungi kunda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarining sifati bilan birga dizayni va koʻrinishi ham muhim boʻlib bormoqda. Mazkur jihatlarni toʻldirish uchun zamonaviy uskunalar joiz. Buning uchun esa tadbirkorlar oldida mablagʻ masalasi koʻtariladi. Farmonda bu masalaga ham alohida urgʻu berilgan. Jumladan, endilikda loyiha tashabbuskori buyurtmasiga asosan, asbob-uskuna qiymatining 15 foizi miqdorida boʻnak (avans) toʻlovlarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 4 foiz stavkada (shundan 2 foiz bank marjasi) 7 yil muddatgacha ajratiladi.

    — Ip-kalavani qayta ishlashdagi mavjud boʻshliqlarni toʻldirish uchun qoʻshimcha quvvatlarni yaratish, jumladan, 62 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish hisobiga 37 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish va 40 ming tonna matoni boʻyash, 95,4 million kvadrat metr gazlama tayyorlash hamda 94,7 million kvadrat metr gazlamani boʻyash quvvatlari yaratiladi, — deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi boshqarma boshligʻi Abduhakim Abdurahmonov. — Bundan tashqari, 4 ta hudud — Toshkent, Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida toʻqimachilik industrial zonalari tashkil qilinib, 2024-2026-yillarda qiymati 452 million dollarga teng 38 ta tarmoq loyihasi amalga oshiriladi. Natijada 9,2 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Mutaxassisning taʼkidlashicha, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi sanoat zonasida “Zorlu Holding” kompaniyasi tomonidan qiymati 100 million dollar boʻlgan 250 million kvadrat metr choyshab, 110 million dona sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega hamda 17 ming tonna trikotaj matoni boʻyash loyihalari boʻyicha ishlar boshlangan.

    Faktoring kompaniya tashkil etiladi

    Mahalliy korxonalar ishlab chiqarish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida faktoring kompaniya tashkil etiladi. Bunda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kompaniyaga uning buyurtmasiga asosan, 5 yil muddatga 2028-yil 1-yanvardan qaytarish sharti bilan yillik 4 foiz stavkada 100 million dollar miqdorida mablagʻ ajratadi.

    — Bu bilan faktoring xizmatlarni rivojlantirish va ishlab chiqarish zanjiriga yangi moliyalashtirish mexanizmlari joriy qilinadi, — deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi boʻlim boshligʻi Abdugʻaffor Umaraliyev. — Faktoring kompaniyalarga zarur aylanma mablagʻlariga tezda kirish imkonini yaratadi, bu esa ishlab chiqarish jarayonini kechikishlarsiz davom ettirishga yordam beradi. Korxonalar moliyaviy koʻrsatkichiga qarab limit belgilanadi. Misol uchun, agar korxonaga 1 milliard soʻmlik limit belgilangan boʻlsa, faktoring kompaniya ushbu mablagʻni 1-2 kun ichida taʼminotsiz toʻlaydi. Bu oylab kutishga hojat qolmaydi, degani.

    Faktoring xizmatlar uchun komissiya oyiga 0,5 yoki yillik 6 foizni tashkil qiladi. Masalan, 3 oy uchun 1,5 foiz, 6 oy uchun esa 3 foiz boʻladi. Bu bank foiziga nisbatan raqobatbardosh stavkalardir.

    Hozir faktoring xizmatni tashkil qilish tartibi ishlab chiqilmoqda. Korxonalardan takliflar olinadi, bu uning qulay va shaffof boʻlishiga yordam beradi.

    Yangi bozorlar tomon

    Davlatimiz rahbari 2024-yil 16-aprelda toʻqimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Ushbu sohadagi yagona ishonchli yoʻlimiz — yuqori qoʻshimcha yaratish uchun mavjud xomashyoni toʻliq qayta ishlash va eksportni anʼanaviy arzon bozorlardan yangi, qimmatroq bozorlarga yoʻnaltirish kerak”, deya taʼkidlagandi.

    Bugungi kunda xalqaro raqobat tez surʼatlarda oʻsib bormoqda, bu esa koʻplab bozor imkoniyatlariga eshik ochishi mumkin. Yurtimizda doimiy bozorlardan koʻra Yevropa bozorlariga kirib borish uchun muhim ­ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqin yillargacha bizda Yevropa bozoriga kirib borish masalasi qiyin edi. Negaki majburiy mehnat va bolalarni mehnatga jalb qilish holatlari uchrab turardi. Bu esa Yevropa bozorlarida toʻqimachilik mahsulotlariga taqiq qoʻyilishiga sabab boʻlgandi. 2017-yildan Yevropa Ittifoqi kengashining ijobiy qarori asosida toʻqimachilik mahsulotlari ham YEIga faol eksport qilina boshlandi. Oʻsha yili Oʻzbekistondan Yevropa Ittifoqiga toʻqimachilik mahsulotlari eksporti 45 million yevroni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 161 million yevroga yetgani shundan dalolat beradi.

    Mahsulotlarning xalqaro maydonda tan olingan sertifikatlari mavjud. Farmonda bunga ham alohida urgʻu berilgan. Endilikda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan korxonalarga xalqaro (“GOTS”, “OEKO-TEX”, “BCI”, “BSCI”, “Organic Cotton”, “SEDEX” va shu kabi) sertifikatlarni olish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash uchun beriladigan moliyaviy yordam miqdori doirasida amalga oshirilgan boshqa xarajatlar ham qoplab beriladi. Soha korxonalarining xalqaro standartlar asosida mahsulotlar ishlab chiqarishini kengaytirish orqali Yevropa va AQSH bozorlariga tay­yor mahsulot eksporti 500 million dollarga yetkaziladi.

    Milliy brend

    Yurtimizdan dengiz tranzit yoʻnalishlariga chiqish uchun ikki davlatni kesib oʻtish kerak. Bu esa transport xarajatlari oshishiga va jahon toʻqimachilik mahsulotlari bozorida narx raqobatida yutqazishga olib keladi. Shu bois, Oʻzbekiston ustunlikka ega boʻlish uchun xaridorlarga tan olinadigan va jozibador milliy brendni ishlab chiqishi kerak. Buning uchun esa zamonaviy talablarga javob beradigan biznes modellar yaratish, milliy brend boʻyicha mutaxassislar tayyorlash zarur.

    Bugungi kunda yurtimizda toʻqimachilik mahsulotlari tashqi bozorlarda yagona tan olingan brend sifatida eʼtirof etilishi borasida muayyan kamchiliklar mavjud. Ayniqsa, marketing sohasida oqsashlar kuzatilyapti. Bu esa yurtimiz sanoatini rivojlantirish, salohiyatini koʻrsatishga toʻsqinlik qiladi.

    Butun dunyoda onlayn savdo kundan kunga rivojlanib bormoqda. Xalqaro bozorda marketpleyslardagi savdo-sotiq ulushi ortib, katta statistik koʻrsatkichlarga yetdi. Jahon tendensiyalari bilan hamnafas boʻlish bugungi kunning talabidir. Ertangi kun IT texnologiyalar va marketpleyslar bilan chambarchas bogʻliq ekani qayd etilgan farmonda ushbu yoʻnalishga katta urgʻu berildi. Dastur doirasida mahalliy biznes vakillarini oʻqitish, ushbu yoʻnalishni keng tatbiq etish va dunyo bozoridagi marketpleyslarda “Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahalliy mahsulotlarni yoyish koʻzlangan. Bu borada hukumatimiz tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratmoqda. Jumladan, endi Savdo-sanoat palatasi mahalliy mahsulot va brendlarni xalqaro marketpleyslarda targʻib qiladi, “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, farmondan koʻzlangan asosiy maqsad toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish orqali jahon bozoriga mahsulotlarimizni milliy brend ostida chiqarish, xomashyodan mahsulotgacha boʻlgan jarayonni texnologik jihatdan toʻliq qamrab olishdir. Agar belgilangan maqsadlarga yetilsa, sanoat rivojlanishi bilan birga koʻplab insonlarni ish bilan taʼminlash imkoni yuzaga chiqadi. Asosiysi, Oʻzbekiston bu borada ulkan salohiyatga ega. Endi esa uning samarasini koʻrish joiz.

    Sardor TOLLIBOYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech