Uning taʼkidlashicha, davlat rahbarining siyosiy irodasi va islohotlarning mantiqiy davomi sifatida, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotiga putur yetkazuvchi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qoʻyishga qaratilgan tizimli, maqsadli va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, korrupsiyaning oldini olish va aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaratishda inson omilini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, quyidagi yoʻnalishlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish borasida samarali tizim yoʻlga qoʻyib kelinmoqda.

Birinchidan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq eʼlon qilib boriladigan maʼlumotlarning aniq roʻyxati shakllantirildi.

Bunda, davlat organlari faoliyatining yetarli darajada ochiqligi va shaffofligini taʼminlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning ochiqlik sohasidagi majburiyatlarga toʻliq rioya etilishi hamda amaldagi qonun hujjatlarining ijro holati muntazam oʻrganilib, monitoring qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni eʼlon qilishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan 72 ta davlat organi va tashkilotlarga ogohlantirish xatlari yuborilib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish etish boʻyicha ularga amaliy yordam koʻrsatildi.

Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari xatlovdan oʻtkazilib, korrupsiyaviy omillar va huquqiy boʻshliqlarni bartaraf qilish choralari koʻrib borilmoqda.

Xususan, qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalariga oid 226 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilganida 75 ta normativ-huquqiy hujjatlarda jami 302 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

Oʻz navbatida, tahlillar ularning 124 tasi qurilish, 41 tasi sogʻliqni saqlash, 91 tasi oliy taʼlim, 46 tasi davlat xaridlari sohalariga toʻgʻri kelishligini koʻrsatgan.

Aniqlangan korrupsiyaviy omillarning tahlili, mazkur hujjatlarda “normativ huquqiy hujjatlar oʻrtasida ziddiyatlarning mavjudligi” (86 ta), “diskretsion vakolatlarning kengligi” (55 ta), “maʼmuriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki toʻliq emasligi” (27 ta) bilan bogʻliq korrupsiyaviy omillar eng koʻp uchrayotganligini koʻrsatdi.

Shunga koʻra, normativ-huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Uchinchidan, davlat xaridlari sohasida qonunchilikda korrupsiyaning oldini olish va oshkoralikni taʼminlash boʻyicha bir qator oʻzgartirishlar kiritildi:

- Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi va uning affillangan shaxsi bir savdoda ishtirok etishi, xarid komissiyasi aʼzosining ishtirokchilar bilan affillanganlik holatida ovoz berishi cheklandi;

- Hisob palatasi davlat xaridlarini auditdan oʻtkazishi va natijalarini har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishi hamda ochiq axborot manbalarida eʼlon qilib borishi belgilandi.

- Moliya vazirligi va boshqa ishtirokchilarga savdo natijalari, qonun buzilish holatlari va tahliliy maʼlumotlarni ochiq axborot manbalarida eʼlon qilib borish vazifasi yuklatildi;

- Maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirildi;

Davlat xaridlari sohasidani qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Davlat xaridlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni tekshirish amaliyotini mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etib borilmoqda.

Bundan tashqari, kelgusida davlat xaridlari ijrochisini tanlashni toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirishning aniq huquqiy asoslarini yaratish va normalarni faqat qonun hujjatida belgilash, davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuvi va affillanganlik holatlari davlat xaridlari maxsus axborot portalida axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali oldindan aniqlash yuzasidan texnologiyalarni joriy etishda koʻzda tutilmoqda.

Toʻrtinchidan, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi borasida tizimli monitoring tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.

2021-yilda Agentlik tomonidan “Korrupsiyasiz soha”, “Korrupsiyasiz hudud” loyihalari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar va sohalar kesimida 50 dan ortiq oʻrganishlar oʻtkazildi.

Ushbu tadbirlar davomida aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinishi orqali jami 49 ta jinoyat ishi va 24 ta maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar qoʻzgʻatildi.

Oʻrganishlar natijasida 500 mlrd. soʻmga yaqin miqdordagi mablagʻlarning maqsadsiz foyddalanishining oldi olindi.

Beshinchidan, byudjet xarajatlarini tartibga solish boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, byudjet qonunchiligining buzilishi faktlari toʻgʻrisida xabardor qilish va byudjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish maqsadida “Openbudget” – “Ochiq byudjet” portali faoliyat yuritmoqda.

Oltinchidan, yashirin iqtisodiyot hamda korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimini joriy etish maqsadida barcha vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy hokimliklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi doirasida malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiya”sini tashkil etish hamda Davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatsiyalash tartibini tatbiq etish ustida ish olib borilmoqda.

Yettinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi keskin choralar koʻrish maqsadida “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri toʻgʻrisida”gi, “Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri toʻgʻrisida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi.

Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi hamda amaliyotga tatbiq etilishi orqali manfaatlar toʻqnashuvi holatlari va jinoiy daromadlarni legallashtirishning oldi olinadi va eng asosiysi – jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhit yaratish koʻlami kengayadi.