8 ta konda geologiya-qidiruv ishlari tugatilib, yakuniy zahiralari hisoblanmoqda

    Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida, Ustyurt, Buxoro-Xiva, Fargʻona, Hisor va Markaziy Qizilqum regionlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun bir qator konlar va maydonlar ajratilgan.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ oldiga 2020-2025-yillar mobaynida ushbu konlarda qidiruv bosqichini yakunlash hamda ajratilgan yangi maydonning neftgazlilik istiqbolini baholash orqali belgilangan uglevodorod hom-ashyo zahirasini oʻstirish topshirigʻi qoʻyilgan.

    Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha uglevodorod xom-ashyo bazasini rivojlantirish va qayta hosil qilish boʻyicha yillik ishlab chiqilgan Dasturlar asosida geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.

    Geologiya-qidiruv ishlari yakunlangan konlar natijalari asosida ularning yakuniy zahiralarini baholash ishlari amalga oshiriladi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Geologiya departamenti maʼlumotlariga koʻra, aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2020-2022-yillar mobaynida yakuniy zahiralarni hisoblash boʻyicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar asosida uglevodorod va foydali qazilmalar zahiralari boʻyicha quyidagi konlar Davlat zahiralari komissiyasida tasdiqlandi.

    • 2020-yilda “Chakkaqum-Shimoliy Suzma”, “Murodtepa-Atamurod” konlari.

    • 2021-yilda “Doʻltatepa”, “Marvarid”, “Janubiy Kulbeshkak”, “Uchtepa” konlari.

    • 2022-yilda “Toʻmaris”, “Arslon”, “Shoʻrtak” konlari.

    2023-yild ham ushbu Dastur ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Unga koʻra “Yormoq”, “Andakli”, “Shorqum”, “Oʻrtaqum”, “Ijobat”, “Oʻrtabuloq” (ter.yura), “Chaqar” va “Tarnasoy” kabi konlarning yakuniy zahiralarni hisoblash belgilab olingan.