Xavfli hodisa tufayli sodir bo‘lgan ushbu voqeadan oltmish yildan ortiq vaqt o‘tgach, topilgan ryukzag va ichidagi anjomlari bilan egasiga qaytarib berildi, deb xabar berdi vokrugsveta.ru.
Hozirda o‘sha alpinist 86 yoshda. Uning 1963-yildan beri muzlikda yotgan buyumlari topilgach, o‘g‘li orqali orqali egasiga qaytarilganligini ma’lum qildi The Guardian nashri.
Nashrning ta’kidlashiga ko‘ra, boshqa bir turist shu yil iyul oyida Avstriyaning Tirol hududiga qarashli Zulstalferner muzligida noodatiy topilmaga duch keldi. Dengiz sathidan taxminan 2955 metr balandlikda u o‘tmishga nazar tashlash imkonini beruvchi eski ryukzakni topdi. Ular orasida muz maydalagich, fotoapparat va trubka, 1950–1960-yillarga tegishli deb taxmin qilinayotgan boshqa buyumlar ham bor ekan.
Avstriya politsiyasi topilma bilan qiziqdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ryukzakning kimga tegishli ekanligini aniqlashga kirishdilar, biroq vazifa oson kechmadi. Chunki ichidagi hujjatlar o‘nlab yillar davomida deyarli chirib ketgan edi. Shunga qaramay, saqlanib qolgan parchalar bo‘yicha politsiyachilar egasining ismini aniqlashga va uni topishga muvaffaq bo‘lishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ryukzakning yo‘qolishi 1963-yil avgustida yuz bergan. O‘shanda erkak do‘stlari bilan muzlikni kesib o‘tayotgan bo‘lgan va bir mahal u chuqur yoriqqa tushib ketdi. Yaxshiyamki, alpinistlar arqon bilan bir-birga bog‘langan edi. Shuning uchun o‘rtoqlari uni tashqariga olib chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.
Biroq muz yorig‘idan chiqarish muammoning faqat yarmi edi. Og‘irlikni kamaytirish va o‘zini qo‘shimcha xavf ostiga qo‘ymaslik uchun erkak ryukzagini yechib, pastga tashlagan. Ehtimol, u qachonlardir o‘z buyumlarini yana ko‘raman, deb o‘ylamagandir.
Ryukzak muzlik qatlamining o‘zgarishi uni tashqariga olib chiqqunga qadar muzlikda 60 yildan ortiq vaqt davomida yotdi. O‘sha alpinistning o‘zi hozirda toqqa mustaqil ravishda borib, topilgan buyumlarni olib kelish uchun keksa va xasta bo‘lib qolgan. Shuning uchun politsiya buyumlarni uning o‘g‘liga topshirdi, u esa ularni otasiga yetkazib berdi.