Marg'ilon shahrining "To'ralar" ko'chasida istiqomat qiluvchi Xojimat ota Tojiboyev bu yil 88 yoshga qadam qo'ydi. Hayratlanarlisi shundaki, 9 nafar farzandni halol mehnat bilan voyaga etkazgan va ayni paytda 31 nabiraning sevimli bobosi – haligacha tug'ilganlik haqidagi guvohnoma olmagan. To'g'risi, bugungi «xujjat gapiradigan» davrda ushbu holatni tasavvur qilish qiyin. Lekin bu fakt!

«Biz yashagan zamonlar soddachilik davri edi, – deydi Xojimat ota Tojiboev. – Charm zavodida qorovulchilik qildim. Kimdir «Bu erga qo'l qo'y», desa, imzo chekib ketavergan ekanmiz. Mana, bugungi omon-omon zamonlarda esa meros masalalarida shu hujjat tushmagur juda kerak bo'lyapti».

Marg'ilon shahar FHDYO bo'limida Xojimat ota Tojiboevga 88 yil kechikib kelgan hujjat tantanali ravishda rasmiylashtirib berildi.

Viloyatda 2019 yilda turli sabablar bilan 518 ta holatda 16 yoshgacha bo'lgan bolalar tug'ilishining muddati o'tkazilib qayd etilgan. O'tgan 2020 yil davomida esa targ'ibot va tashviqot ishlari, mahallalarda uyma-uy yurish tadbirlari samarasida ushbu holatlar 236 tani tashkil etgan va 282 taga kamaygani ma'lum bo'ldi.