Unga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslarga 10 dan ortiq xulosalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning tartibi belgilandi, jumladan:
- Mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga muvofiqlik toʻgʻrisida;
- Bino (inshoot) va xonalarning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida;
- Gidrogeologik xulosa berish;
- Avtomobillarga yonilgʻi quyish shaxobchalarining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida;
- Radiotexnik inshootlarning sanitariya xulosasini (sanitariya pasporti) berish;
- Diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan xulosa berish;
- Dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilish boʻyicha.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat etadi.
YAIDXP orqali murojaat etilgan taqdirda, arizani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
- ariza beruvchi belgilangan talablarga javob bermaganda;
- hujjatlarda yolgʻon yoki qalbaki maʼlumotlar koʻrsatilganligi aniqlanganda;
- talabgor tomonidan belgilangan muddatda hujjatlar qayta taqdim etilmaganda.
Davlat xizmatini koʻrsatishni boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emaslik vaji bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat xizmatini koʻrsatish rad etilganda, ariza beruvchi 1 oy muddatda davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish asoslarini bartaraf qilgan holda yigʻim toʻlamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Xulosa obyekti mazkur Reglament va tegishli pasportlar talablariga muvofiq boʻlganda, vakolatli organ tomonidan QR-kod qoʻyilgan xulosa avtomatik ravishda shakllantiriladi va tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchining YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.
Xulosaning amal qilishi quyidagi hollarda bekor boʻladi:
- ariza beruvchi xulosaning amal qilishini bekor qilish boʻyicha murojaat qilganda;
- xulosaning amal qilish muddati tamom boʻlganda;
- xulosa obyekti tugatilganda, oʻzgartirilganda va yoʻq qilinganda.