Ushbu qaror bilan, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Yetakchilar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash boʻyicha oʻquv-seminarlarni tashkil etish belgilandi.

Ushbu band ijrosini taʼminlash maqsadida “Mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash” mavzusida oʻquv-seminar (masofaviy) tashkil etildi.

Maqsad – yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni metodik jihatdan taʼminlash, yoshlar yetakchilarining tashkiliy-huquqiy bilimlarini oshirish orqali ularda yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish koʻnikmalarini shakllantirish.

Oʻquv-seminar ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Q.Kuranbayev, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari O.Xasanov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Saʼdullayev, tegishli vazirlik, tashkilot va muassasalar masʼul xodimlari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, OAV vakillaridan iborat 10 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Belgilangan ishlar samaradorligini taʼminlash maqsadida oʻquv yoʻnalishlar kesimida tashkil etildi.

Oʻquv-seminar davomida Yoshlar yetakchilariga:

— “Yoshlar balansi»ni shakllantirish, yoshlar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish;

— mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish;

— yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashish;

— yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash;

— huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga koʻmaklashish kabi mavzularda maʼlumotlar berilmoqda.

Oʻquv joriy yilning 28-yanvar kuniga qadar davom etadi.