Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev raisligida maktabgacha taʼlim yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar tahliliga bagʻishlangan yigʻilishda ayni yoʻnalishdagi ishlar qoniqarsiz ekani tanqid qilindi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, oʻtgan yili viloyatda 96 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, jumladan, 45 tasi Investitsiya dasturi, 22 tasi “Obod mahalla” dasturi boʻyicha va qolgani hukumatning tegishli qarorlari ijrosi doirasida qurilib, taʼmirlanishi lozim edi. Buning natijasida 57 ta qoʻshimcha bino qurilishi va 7 ming 724 nafar bola uchun yangi oʻrinlar yaratilishi koʻzda tutilgandi. Biroq turli vaj va sabablarga koʻra haligacha 53 ta obyektda qurilish yakuniga yetkazilmagan.
Onlayn tarzda tashkil etilgan yigʻilishda har bir tuman-shaharda foydalanishga topshirilishi kechikayotgan qurilish obyektlarining sabablari oʻrganildi.
Aniqlanishicha, baʼzi loyihalarga ajratilgan mablagʻlar reallikdan yiroq, oshirib koʻrsatilgan, yoki oʻz vaqtida ajratilmagan. Aksar holatlarda qurilish tashkilotlari ish jarayonida sustkashlikka, oʻziboʻlarchilikka yoʻl qoʻygan.
Zoyir Mirzayev bunyod etilishi lozim boʻlgan har bir obyekt boʻyicha tuman-shahar hokimlari, qurilish va loyihachi tashkilotlar vakillari bilan birma bir gaplashib, masalaga oydinlik kiritdi. Aybdorlarga nisbatan tegishli choralar koʻrish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari masalaga huquqiy baho berishlari lozimligi aytildi.
Shuningdek, bogʻchalar qurilishida zamonaviy, tejamkor va sifatli texnologiyalarni qoʻllash, mahalliy xomashyodan foydalanish, bolalarga qulaylik yaratish borasida zarur takliflar ishlab chiqish talabi qoʻyildi. Bu ishlarga masʼul boʻlgan hokimlarning qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari javobgarligini oshirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Tahlil chuqur, tanqidlar asosli boʻlgan yigʻilishdan mutasaddilar yetarli xulosa olganliklari va mavjud vaziyatni oʻnglash uchun barcha tezkor choralar koʻrishlarini bildirishdi. Oʻz navbatida, vaziyat yaxshilanmaguncha bu masala kun tartibidan tushmasligi alohida qayd etildi.