Mamlakatimizda xususiy biznesni rivojlantirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ular uchun yanada qulay sharoitlar yaratish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Islohotlar natijasida yurtimizda 300 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar va 5,5 million nafar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar faoliyat yuritmoqda. Xususiy biznesning iqtisodiyotdagi ulushi esa soʻnggi besh yilda 45 foizdan 58 foizga oshdi.

Joriy yilda kichik va oʻrta biznesga 140 trillion soʻm kredit ajratish, banklar tomonidan jalb qilinayotgan 8 milliard dollar tashqi resurslarni mahalladagi tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar infratuzilmasini yaxshilash uchun hududlarga 20 trillion soʻm ajratish belgilangan.

Shu bilan birga, yaratilgan korxonalar va ish oʻrinlarini saqlab qolish, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik subyektlarini erta bosqichda qoʻllab-quvvatlash borasida hali yechimini kutayotgan masalalar koʻpligi qayd etildi.

Xususan, faoliyat koʻrsatmayotgan va faoliyati tugatilgan kichik korxonalar sonining oʻsish tendensiyasi kuzatilayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bu holat amaldagi tizim korxonani saqlab qolish va qayta tiklashga emas, koʻproq uning faoliyatini rasmiy tugatishga qaratilganidan dalolat berayotgani qayd etildi.

Avvalo, toʻlovga qobiliyatsizlik taomillari yetarli darajada qoʻllanilmayapti. Moliyaviy ahvoli ogʻirlashgan 93 mingta tadbirkorning atigi 10 mingtasi boʻyicha toʻlovga qobiliyatsizlik ishi qoʻzgʻatilgan. Sudgacha va sud sanatsiyasi tizimi amalda samarali ishlamayapti, so‘nggi besh yilda atigi 68 ta korxonaga sanatsiya taomili qo‘llanilgan, shundan ham faqatgina 7 tasining faoliyati tiklangan.

Sud boshqaruvchilari faoliyati ham tanqidiy koʻrib chiqildi. Qator holatlarda ish yuritish muddatlari buzilgani, asossiz xulosalar berilgani, soxta bankrotlik alomatlarini oʻz vaqtida oʻrganish mexanizmi yetarli emasligi qayd etildi. Sud boshqaruvchilariga haq toʻlash tizimidagi boʻshliqlar malakali mutaxassislarni jalb qilishga toʻsqinlik qilayotgani, ayrim holatlarda esa ishlarni sunʼiy choʻzishga sabab boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Bundan tashqari, soha raqamlashtirilmagani, onlayn monitoring va nazorat yoʻqligi, bankrot yoki toʻlovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarning ochiq reyestri mavjud emasligi, davlat organlari oʻrtasida maʼlumot almashinuvi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagani qayd etildi.

Shu munosabat bilan sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish boʻyicha yangi institutsional yondashuvlar taklif qilindi.

Xususan, Adliya vazirligi huzurida Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlari boʻyicha agentlik tashkil etish taklif qilindi. Ushbu tuzilma sohada yagona davlat siyosatini yuritish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, bankrotlik omillarini tahlil qilish va bartaraf etish choralarini koʻrish, korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish bilan shugʻullanadi.

Sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Sud boshqaruvchilari palatasini tuzish taklif etildi. Palata sud boshqaruvchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni tashkil etadi, ular tomonidan qonunchilik va kasb etikasiga rioya etilishini monitoring qiladi, huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Moliyaviy ahvoli ogʻir biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar ham taqdimot qilindi.

Jumladan, kichik va oʻrta tadbirkorlar uchun Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi orqali kafillik berish, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi orqali tijorat banklarida past foizli kredit liniyalari ochish orqali korxonalarni moliyaviy tiklashga koʻmaklashish rejalashtirilmoqda.

Bunda tijorat banklari ajratgan kreditlar boʻyicha asosiy qarz va foizlar sanatsiya yakunlangunga qadar kechiktiriladi, kredit sanatsiya yakunlanganidan soʻng 3 yil ichida qaytariladi, kredit qarzdorligini restrukturizatsiya qilish asoslari yaratiladi.

Soliq va kredit qarzdorligini kechiktirib toʻlash hamda restrukturizatsiya qilish tartiblarini soddalashtirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari ayrim soliqlar boʻyicha toʻlovlarni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berishi, shuningdek, bunday mexanizmlar garov, bank kafolati yoki sugʻurta polisi asosida soliq organlari tomonidan ham qoʻllanishi mumkin boʻladi.

Davlat koʻmagidagi sudgacha sanatsiya choralari ham kengaytiriladi. Bunda kreditorlar bilan kelishuv, moliyaviy yordam jalb qilish, soliq va kredit toʻlovlarini kechiktirish, qarzlarni sotib olish, ishlab chiqarishni qayta ixtisoslashtirish, korxonani qayta tashkil etish, malakali mutaxassislarni jalb etish va xodimlarni qayta tayyorlash kabi vositalardan foydalanish mumkin boʻladi.

Taqdimotda toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonlarini raqamlashtirish masalasiga ham katta eʼtibor berildi.

Shu maqsadda toʻlovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasini ishga tushirish taklif qilindi. Ushbu platformada toʻlovga qobiliyatsizlik ishi yuritilayotgan shaxslar, sanatsiya qoʻllanilayotgan korxonalar va sud boshqaruvchilari reyestrlari yuritiladi. Barcha jarayonlar – ariza berishdan tortib, korxonani tugatishgacha – elektron shaklda olib boriladi. Shuningdek, mazkur tizim jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq boʻladi.

Bu orqali sohada ochiqlikni taʼminlash, maʼlumot almashinuvini tezlashtirish, nazorat va monitoringni kuchaytirish, arizalarni koʻrib chiqish muddatlarini qisqartirish imkoni paydo boʻladi.

Prezidentimiz tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda yangi korxonalar tashkil etish bilan cheklanib qolmasdan, ishlab turgan biznesni saqlab qolish, vaqtincha qiyinchilikka uchragan korxonalarga oʻz vaqtida koʻmak berish, ularni iqtisodiy faollikka qayta olib chiqish lozimligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga toʻlovga qobiliyatsizlik institutini xalqaro tajriba asosida tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy boshqaruv, samarali sanatsiya mexanizmlari va raqamli yechimlarni joriy etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.