Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Vashingtonga tashrifi doirasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar oʻtkazdi. Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi hamda strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi munosabati bilan oʻzaro tabriklar almashildi. Vazir A.Kamilov va Davlat kotibi E.Blinken Oʻzbekiston-AQSH munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning dolzarb masalalari, jumladan, qoʻshni Afgʻonistondagi gumanitar vaziyatni ham muhokama qildi. “S5+1” shakli doirasida mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi AQSHda boʻlishi davomida AQSH administratsiyasi vakillari, Kongress aʼzolari, Amerika ishbilarmon va ilmiy doiralari vakillari bilan ham uchrashuv hamda muzokaralar oʻtkazdi.
Amerika-Oʻzbekiston Savdo palatasi aʼzolari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston tomoni Amerika ishbilarmon doiralari vakillariga 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasining asosiy qoidalari, respublikada iqtisodiyotni tubdan isloh qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirdi. Tadbir davomida AQSH kompaniyalarining respublikadagi islohotlar jarayonlarida ishtirokini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, joriy yilning 24-26-mart kunlari boʻlib oʻtadigan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) ishida Amerika kompaniyalarining keng ishtiroki boʻyicha kelishuvga erishildi.
Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashi, Jorj Vashington universiteti, Texas A&M universiteti, Kaliforniyadagi Berkli universiteti rahbariyati va ekspertlari bilan muloqotlar uyushtirildi. Uchrashuvlarda mahalliy mutaxassislar salohiyatini mustahkamlash maqsadida ikki davlat oʻrtasida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, akademik va ilmiy almashinuvlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.