Oʻzbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari S.Pauerni USAID rahbari lavozimiga tayinlanganligi bilan tabrikladi va faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Muzokaralar chogʻida iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish, aholi bandligini taʼminlash, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi sohalarida hamda Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik muammolarni yechish borasida Oʻzbekiston va USAID oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

S.Pauer Oʻzbekistondagi islohotlar dasturini amalga oshirishda oʻsishga erishilayotganligini olqishladi hamda Hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar taraqqiyot boʻyicha maqsadlariga erishishda koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.

USAID administratori “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyasiga taklif uchun minnatdorlik bildirdi va forum ishida oʻzining ishtirok etishi imkoniyatlarini koʻrib chiqishga tayyorligini maʼlum qildi.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yil oktabr oyida AQSH Hukumati mamlakatimizdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekistonda toʻlaqonli missiya ochilishini eʼlon qilgan edi. 2021-yil 10-iyunda Mikaela Meredit Oʻzbekistondagi USAID missiyasining birinchi direktori vazifalarini bajarishga kirishdi.