Delegatsiya tarkibida kompaniyaning II-vitse prezidenti Antoni Brinxyuzen, investitsiya boʻyicha direktor Rajit Nanda, biznesni rivojlantirish katta menejeri Tarik Taibah hamda “ACWA POWER SIRDARYA” kompaniyasi direktori Alimardon Abdukarimovlar ham ishtirok etdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad Shirin energetika kollejining bugungi qiyofasini koʻzdan kechirish hamda kollejda joriy etilgan taʼlim sifati bilan yaqindan tanishishdan iborat.
Tashrifi davomida delegatsiya aʼzolari, Shahar sektor rahbarlari, kollejning bir guruh pedagog xodimlari ishtirokida anjuman tashkil etildi. Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov Shirin energetika kollejida “ACWA POWER” kompaniyasi homiyligida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari, kollejda oʻquvchilarning taʼlim olishlari uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar uchun kompaniya bosh direktori hamda mutasaddilarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Shu bilan birgalikda tadbir davomida Shirin energetika kollejida joriy etilgan taʼlim tizimi holati hamda oʻqitish metodikasi xususida “NOMAC” kompaniyasining Oʻzbekistondagi loyiha menejeri Hossem Ahmad hamda kollej direktori va oʻqituvchilari tomonidan anjuman ishtirokchilariga batafsil tushuntirib oʻtildi.
Anjuman yakunida Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi raisi Muhammad Abu Nayyan kollejda yoʻlga qoʻyilgan taʼlim tizimini ijobiy baholadi. Shuningdek, Abu Nayyan oʻquv yili davomida oʻz bilimi va faolligi jihatidan boshqa oʻquvchilarga namuna boʻlayotgan oʻquvchi, shuningdek, har taraflama tashabbuskor va fidoyi oʻqituvchilarning har biri uchun Saudiya Arabistonining “Umra” safariga kompaniya homiyligi asosida ikki kishilik bepul yoʻllanma taqdim etishini aytib oʻtdi.
Tadbirdan soʻng mazkur delegatsiya Shirin shahar hamda Boyovut tumanlariga tutash boʻlgan hududda qurilayotgan yangi “bugʻ-gaz” issiqlik elektr stansiyasi qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi, deb xabar beradi Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati.