“Qirgʻoqsiz daryolar” adabiyot va sanʼatning dargʻalari, buyuklari haqidagi keng mushohada va sinchkov nigoh bilan yozilgan qiymati yuqori asar. Undagi “Majnuntol tagiga oʻtqazing meni”, “Gʻofirdan Mirzo Ulugʻbekkacha” hamda “Goʻzal Choʻlpon edim” kabi esselar chuqur mazmunga egaligi bilan ajralib turadi.
Mamatqul Hazratqulov oʻzbek adabiyotida oʻz oʻrniga ega adib. Uning oʻndan ziyod kitoblari adabiyot muxlislari tomonidan sevib oʻqiladi. Ushbu yangi kitoblar muallifning maktab yillaridan tortib, salkam 60-yillik mehnat faoliyatiga nisbatan vijdon sarhisobi, deyish mumkin.
Zero maxsus montaj boshqarmasida oddiy ishchi boʻlib ish boshlagan talaba ne-ne mashaqqatli mehnatlar, sarsonu sargardonliklar, taqdir soʻqmoqlarida olijanob insonlar koʻmagi va ustozlar ragʻbati bilan yuz bergan evrilishlar natijasida vazir darajasiga koʻtariladi, yigirmadan ortiq davlatni koʻrgan jahongashta jurnalist, adib va arbobga aylanadi.
Muallif oʻzi bevosita ishtirok etgan qiziqarli voqealar, koʻrgan-kechirganlari haqida, muhim qarorlar qabul qilishdagi murakkab holatlar toʻgʻrisida ravon tilda hikoya qilar ekan, ularni bugungi dorulamon zamon bilan taqqoslaydi va shu kunlarga yetkazgani uchun shukrona qiladi.
Ushbu kitoblar keng kitobxonlar ommasi uchun muborak boʻlsin, deymiz.