Ayol tadbirkor, biror soha vakili bo'lgani, oilasiga qo'shimcha daromad kiritgani yaxshi. Ammo bugun hamma sohada ham bilim, uquv, tajriba zarur. Yangi texnologiyalar, zamonaviy yondashuvlarni egallamay turib, ishni rivojlantirish mushkul. Bu borada yurtimizda tashkil etilgan 400 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari ayollarni kasbga o'qitish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, ijtimoiy yordam ko'rsatish bo'yicha yaxshi tajriba yaratdi, deb ayta olamiz.
Joriy yilning 1-mart kuni Prezidentimiz raisligida xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ana shunday tashkilotlarning ahamiyati haqida ham so'z bordi. Qolaversa, ayollarning jamiyatdagi o'rnini yanada yuksaltirish va mustaxkamlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo'ravonliklarning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga oid belgilangan vazifalarni ishtirokchilar qatorida katta hayajon va qiziqish bilan tingladim.
Har bir yo'nalish, ayniqsa, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga e'tibor qaratildi. Tadbirkor ayollar ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga yetkazish bo'yicha 2022—2024-yillar uchun “Biznes ayollar” dasturini qabul qilish, dastur ijrosiga jami 8 trillion so'm mablag' yo'naltirish belgilangani katta tashabbus. Qishloq joylarida loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat tashkilotlarga 2 milliard so'mgacha grantlar ajratilishi biz uchun imkoniyat bo'lishi barobarida, zimmamizga jiddiy mas'uliyat ham yuklaydi. Qolaversa, o'zi yoki qaramog'ida nogironligi bor yaqini bo'lgan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish, ularni kasbga o'qitish borasida nodavlat notijorat tashkilotlariga berilayotgan grantlar miqdori 5 baravarga oshirilib, amaldagi 40 million so'mdan 200 million so'mgacha yetkaziladigan bo'ldi.
Ayni paytda 150 ga yaqin a'zolariga ega O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi ham faoliyati davomida bu yo'nalishda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jarayonda, ayniqsa, mehnat bozorida ayollarning raqobatbardoshligini oshirish, o'z-o'zini band qilishlari, agrobiznes va issiqxonalar tashkil etishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, xususan, ularni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, qishloq joylarda servis xizmatlari sohalarini rivojlantirish dolzarbdir.
Ishlar davlat va xalqaro tashkilotlar xamda nodavlat tashkilotlar bilan xamkorlikda olib boriladi. Xotin-qizlar uchun qulay mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, xayot farovonligini oshirishda qishloq ayollariga alohida urg'u berish muhimdir. Qishloq xo'jaligini innovatsion rivojlantirish, sohaga malakali kadrlar tayyorlash, ichki va tashqi bozorga sifatli qishloq xo'jalik va qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarish xajmlarida ham ayollarning hissasi va potentsiali katta. Xususan, bugunga qadar yurtimizda seleksioner olimalarimiz tomonidan 15 dan ortiq g'o'za va bug'doy navlari yaratilgan.
Shu bois, ayni kez qishloq ayollarining bilim va ko'nikmalari, moddiy-texnik resurslarga egaligini oshirish, qaror qabul qilish va yetakchilikda erkaklar bilan teng sharoitlar yaratish uchun ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish muhim. Uyushma tomonidan noananaviy, yuqori daromad keltiruvchi qishloq xo'jalik ekinlarini ko'paytirish, ularni ichki va tashqi bozorlarga yo'naltirishga qaratilgan o'quv seminarlariga yetakchi davlatlar mutaxassislarini jalb etish yaxshi samara bermoqda. Jizzax viloyati xududiy bo'linmasi o'quv markazida manzarali o'simliklar va gulchilikni rivojlantirish bo'yicha bir xaftalik o'quv-amaliy seminarlarda ushbu sohaga qiziquvchi 20 dan ortiq ayollar o'qitilib, ikkinchi bosqichda ular orasidan yetakchilarning 5 nafari joriy yil aprel` oyida Turkiya davlatining kompaniya va firmalariga malaka oshirish uchun yuborilishi kelishildi.
Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish ularning oila va jamiyatda o'z o'rinlarini egallashlari uchun imkoniyat eshiklarini ochadi. Bu borada ham izchil ishlarni amalga oshiryapmiz. Toshkent viloyatining 3 ta tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan va agrar sohadagi ayollar uchun bepul yuridik xizmat ko'rsatadigan punktlar tashkil etdik. Shu vaqtga qadar malakali yuristlar tomonidan 3 mingdan ortiq ayollarga yuridik maslahatlar va yordamlar ko'rasatilib, 30 dan ortiq xotin-qizning ishli bo'lishiga ko'maklashildi.
Biz hududlarda seminarlar tashkil etib, ayollarni jamiyatda faol bo'lishga chorlaymiz. Qishloq ayollari ham barcha sohada yetakchi bo'lishi mumkinligini misollar yordamida namoyon etamiz. Seminarlar mavzusi tuman ixtisosi, aniqlangan “o'sish nuqta”laridagi sohalardan kelib chiqib belgilanishi kelgusida ishtirokchilar uchun manfaatli bo'lishini ta'minlamoqda.
Masalan, Qoraqalpog'iston Respublikasining Bo'zatov, Mo'ynoq, Taxtako'pir va Qo'ng'irot tumanlari Prezidentimiz qarori bilan chorvachilikka ixtisoslashtirilgan. Uyushma tomonidan shu yil tashkil etilgan seminarlarda chorvachilikning zamonaviy usullari, etishtirilgan mahsulotlarni uy sharoitida qayta ishlash orqali daromadini ko'paytirish imkoniyatlari qatnashuvchilarda katta qiziqish uyg'otdi. 250 dan ortiq xotin-qiz o'zlariga motivatsiya oldi.
Uyushmaning qishloq ayollarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan eng katta sa'y-xarakatlardan biri — bu respublikada “Halqaro qishloq ayollari” kuni nishonlanishiga tashabbuskor bo'lganidir. Hukumatning qo'llab-quvvatlashi bilan 2019-yil O'zbekistonda ilk bor “Halqaro qishloq ayollari kuni” nishonlanib, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar bo'yicha 442 ta tadbir o'tkazildi. Ularda ishtirok etgan 62,3 ming xotin-qizning 19,2 ming nafari moddiy va ma'naviy rag'batlantirildi. Bu bayram endilikda, har yili an'anaviy tarzda nishonlab kelinayotgani quvonarli hol.
Ayollar qaysi sohada ishlamasin, doim e'tirofga loyiq. 2021-yilda bayram sanasi arafasida agrar sohadagi eng yetuk, ishlab chiqarishga innovatsion g'oyalarini tatbiq etgan, o'z maktabini yaratgan 6 nafar olimalar haqida 28 daqiqalik “Ilm yulduzlari” nomli hujjatli film hamda sohadagi eng ilg'or 41 nafar olima ayollarning ibratli hayoti va ilmiy ishlari natijalariga bag'ishlangan “Agrar soha olimalari” nomli kitob tayyorlandi.
Umuman, bizning maqsadimiz eng chekka hududlardagi xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, ularga huquqiy maslahatlar berib, tadbirkorlikka yo'naltirishga qaratilgan. Kelgusida qishloq joylarda yangi ish o'rinlari yaratish, kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan yirik loyihalarda ishtirok etish, xotin-qizlar kooperatsiyalarini tashkil etish singari boshqa ko'plab maqsadlarimiz ham bor.
Adiba AHMADJONOVA,
O'zbekiston “Agrar soha ayollari”
uyushmasi raisi