“O'zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal fil`mlar kinostudiyasi” DUK hamda “Spectre” ijodiy studiyasi bilan hamkorlikda yosh rejissyor SHohruh Rasulov tomonidan suratga olingan,  Adiblar xiyoboni, unda haykallari o'rnatilgan shoir va yozuvchilarga bag'ishlangan “Xalq yuragi” nomli hujjatli fil`m prem`erasi hamda adiblar hayoti va ijodi haqidagi 24 seriyali loyiha taqdimoti bo'lib o'tdi.

Adiblar xiyoboni haqidagi fil`m shu yilning 20 may kuni xiyobonning ochilish marosimida ishtirok etgan mamlakatimiz rahbari SHavkat Mirziyoev tashabbusiga ko'ra yaratildi. Fil`m ushbu noyob loyiha, atoqli shoir va yozuvchilar, ularning ijodi, shuningdek, xiyobondagi she'riyat ayvoni haqida hikoya qiladi. Loyiha doirasida yana 24 ta seriyadan iborat fil`mlar ishlab chiqariladi. Ular Adiblar xiyobonidagi haykallari o'rnatilgan har bir shoir va yozuvchi hayoti va ijodiga bag'ishlanadi. Hozirda “O'zbekkino” MA tomonidan ushbu turkum hujjatli fil`mlarning ishlab chiqarish dasturi tasdiqlandi. O'tkazilgan tadbirda mazkur hujjatli fil`mlar turkumining taqdimoti ham bo'lib o'tdi. 

“O'zbekkino” MA hujjatli fil`mlarni kino san'atining eng yorqin turlaridan biri sifatida rivojlantirishni, shu jumladan, mahalliy kinoxronika maktabining tarixiy shon-shuhratini tiklashni niyat qilgan. 9 sentyabr` kuni “O'zbekkino” MAda bo'lib o'tgan “Hujjatli kino” kuni ham sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berish, ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash va hujjatli fil`mlar bo'yicha jamoatchilik fikrini o'rganish uchun uyushtirildi.