Adliya vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Nurli Zamin” MFY va “Guliston” MFY hududida bolalar va sport (street working) maydonchalari qurib berildi. Toshkent viloyatida vazirlik rahbariyati va hududiy adliya organlari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabullar davomida ushbu mahalla aholisidan bolalar boʻsh vaqtini unumli oʻtkazishi uchun maydoncha kerakligi haqida koʻplab murojaatlar kelib tushgan. Fuqarolarning fikri tinglandi va mavjud imkoniyatlar oʻrganilib, Adliya vazirligi ushbu xayrli tashabbusni amalga oshirdi, deb xabar beradi vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

— Mahallamiz aholisi, ayniqsa, ayollar, shu masala boʻyicha ber necha marta hokimlikka murojaat qilgan, ammo natija boʻlmagan, — deydi “Nurli Zamin” MFY raisi oʻrinbosari Gulnora Saidoxunova. — Bugun mahallamizda bayram. Taqir yer oʻrniga shinam va zamonaviy bolalar maydonchasi qad rostladi. Barcha aholi, ayniqsa, onalar va bolalar juda xursand. Bu mustaqillikning 30 yilligiga mahallamiz uchun oʻziga xos sovgʻa boʻldi.

Taʼkidlash kerak, soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʻir, ishsiz va kasb-hunarga ega boʻlmagan, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qoʻllab-quvvatlashga zarurati boʻlgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli koʻmaklashish boʻyicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi. Bu yoʻnalishda manzilli, har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar boʻyicha mutlaqo yangi — “Temir daftar”, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʻlgan xotin-qizlar va yoshlar boʻyicha tegishlicha “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari hayotga tatbiq etildi.

Misol uchun, Oʻrtasaroy qishlogʻidagi “Nurli Zamin” MFY hududida 4,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Undan 44 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga, 68 xotin-qizlar “Ayollar daftariga” kiritilgan. Ularga qulaylik yaratish hamda ijtimoiy koʻmak koʻrsatish maqsadida sayyor davlat xizmatlari ham tashkil etildi. Ushbu xayriya tadbiri davomida aholiga kerakli xizmatlarni tuman markazi yoki shaharga borib emas, oʻz qishlogʻi, mahallasida olishga imkon berildi.

Shuningdek, huquqiy yordam olishga muhtoj aholi uchun adliya organlari tomonidan sayyor qabul oʻtkazilib, fuqarolarning murojaatlari tinglandi, tegishli choralar qoʻllanildi hamda bepul huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.