Mamlakatimizda bugungi kunda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar birinchi navbatta huquqiy jihatdan u yoki bu koʻrinishda rasmiylashtiriladi. Islohotlar amalga oshirilishi jarayonida ayrim jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlari buzilmasligi juda muhimdir. Shu jihatdan, mamlakatimizda islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish, huquq ijodkorligi faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish sohasida Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, 2021-yilda 1374 ta qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, shundan 530 ta loyihalar eʼtirozlar mavjudligi hamda belgilangan tartibga rioya qilinmaganligi sababli qaytarildi. Qaytarilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari soni oʻtgan hisobot davriga nisbatan ikki baravar koʻpaydi. Shuningdek, hisobot davrida 129 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlsa, yuqori turuvchi qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmaganligi sababli 134 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etildi.

Xususan, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish oʻtgan hisobot davriga nisbatan 45 % ga koʻpaydi. Bundan tashqari, vazirlik va idoralarning 38 ta yuqori yuridik kuchga ega qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirilmagan idoraviy normativ-huquqiy hujjati bekor qilindi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan 4 343 ta normativ-huquqiy hujjatlari bekor qilindi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan hisobot davrida ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi muammolarni bartaraf qilish hamda yuridik va jismoniy shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarin yana-da taʼminlashga qaratilgan 81 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. Jumladan, vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar asosida, 5 ta davlat xizmatlari optimallashtirilib, 6 ta bepul davlat xizmatlari joriy qilindi, davlat xizmatlari uchun talab etiladigan hujjatlar soni 181 tadan 86 taga kamaytirildi. 18 turdagi maʼlumot va hujjatlarni aholi va tadbirkorlardan talab qilib olish talabi bekor qilindi. Intellektual mulk obyektlari davlat ekspertizasi jarayoni qisqartirilib, tezkor ekspertiza tartibi joriy qilindi. Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibi joriy qilindi. Normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholash tartibi belgilandi.

Davlat organlari va tashkilotlariga elektron tartibda yuridik xizmat koʻrsatish imkonini beruvchi “E-huquqshunos” yagona elektron tizimi ishga tushirildi. Tuman markazidan 100-300 km uzoqlikda joylashgan hududlarda Davlat xizmatlari markazlarining 121 ta filiallari tashkil etildi.

Adliya vazirligi tomonidan murojaatlar bilan ishlash, yoʻl qoʻyilayotgan qonun buzilish holatlarini bartaraf qilish boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Adliya vazirligi tizimiga kelib tushgan jami 60 mingdan ortiq murojaatlarning 82 foizi qonuniy hal etildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining 68 mingga yaqin “Ishonch telefoni”ga yoʻllangan qoʻngʻiroqlar boʻyicha malakali mutaxassislar tomonidan tegishli huquqiy maslahatlar berildi. Murojaatlarni koʻrib chiqish hamda rejali nazorat tadbirlari yakunlari boʻyicha aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha 11,6 mingta taqdimnoma kiritildi hamda 4,8 ming nafar shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi.

Shuningdek, koʻrilgan taʼsir choralari natijasida 7,5 ming nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 352 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi hamda 7 mingga yaqin noqonuniy hujjatlar bekor qilindi. Sudlarga 125,8 mlrd. soʻmlik 7,8 mingta daʼvolar (arizalar) kiritilib, 120 mlrd. soʻmlik 6,5 mingta daʼvolar (arizalar) qanoatlantirildi.

Vazirlik tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida Adliya organlari va muassasalari faoliyati bilan bogʻliq masalalar yuzasidan murojaatlar deyarli ikki barobarga kamaydi.

Adliya organlari va muassasalari tomonidan aholining huquqiy ongini oshirish boʻyicha 195 mingdan ortiq yoki oʻtgan hisobot davriga nisbatan
30 foizdan koʻp targʻibot tadbirlari oʻtkazildi, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bialn aloqalar boʻlimi.