Unga koʻra, davlat xizmatlari markazlarida “Ona” jamoat fondining “ezgulik qutilari” joylashtiriladi. Mazkur qutilar orqali yigʻilgan mablagʻlar turmush sharoiti ogʻir boʻlgan, koʻp farzandli ayollar va boquvchisi yoʻq yolgʻiz onalarni qoʻllab-quvvatlash va ularga moliyaviy koʻmak koʻrsatishga yoʻnaltiriladi.

Mablagʻlarni qabul qilib olish va ularni hisobga olish boʻyicha maxsus nizom tasdiqlangan boʻlib, fond tomonidan bu haqda jamoatchilikka axborot berib boriladi va mablagʻlar shaffoflik tamoyillari asosida sarflanishi taʼminlanadi.

“Ona” jamoat fondi 2021-yil 13-avgustda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, asosiy maqsadi qiyin hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan ayollarni ijtimoiy himoya qilishga koʻmaklashish.

Bugungi kunga qadar Fond 60 dan ortiq tashkilotlar bilan hamkorlikda respublikaning turli hududlarida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar bilan manzilli ravishda ishlab kelmoqda. Xususan, xorijda amalga oshiriladigan murakkab jarrohlik amaliyotlari uchun fond tomonidan mablagʻlar ajratib berildi.

Adliya vazirligi kelgusida bu kabi ezgu tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, hayotga tatbiq etishga va hamkorlikka tayyor ekanligi maʼlum qilinadi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi